Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbek lotin alifbosi yangilanmoqda: yangi harflarni klaviaturada yozish uchun dasturiy yechimlar tayyorlanadi

  • 10.09.2026
  • 27 marta o'qildi

Senat o‘zbek lotin alifbosini 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat shaklga o‘tkazishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Yangi Ö, Ğ, Ş va Ç harflarini kompyuter va boshqa qurilmalarda qulay yozish uchun maxsus texnologik yechimlar joriy etilishi rejalashtirilmoqda.


Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun ma’qullandi. Unga ko‘ra, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi o‘rniga alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan tashkil topishi nazarda tutilgan.

Takomillashtirilayotgan alifboda to‘rtta yozuv shakli o‘zgaradi:

O‘ → Ö, G‘ → Ğ, Sh → Ş, Ch → Ç.
Shuningdek, Ng alifbodagi alohida harf birikmasi sifatida chiqariladi.

Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Jonuzoqovning ma’lum qilishicha, yangi alifboni ishlab chiqishda uning raqamli texnologiyalarga mosligi ham inobatga olingan. Amaldagi O‘ va G‘ kabi belgilar ayrim kompyuter dasturlari, elektron bazalar va klaviaturalarda texnik noqulayliklarni keltirib chiqarayotgani qayd etildi.

Yangi harflarni klaviaturaga kiritish katta texnik muammo tug‘dirmasligi bildirilmoqda. Buning uchun klaviaturadagi mavjud imkoniyatlardan foydalanish va maxsus dasturiy yechimlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Yangi harflarni bitta tugma orqali kiritish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ayni paytda kirill va amaldagi lotin yozuvidagi matnlarni yangilangan alifboga avtomatik o‘giruvchi dasturlar ham ishlab chiqilmoqda.

Qonun kuchga kirganidan keyin davlat idoralari, rasmiy ish yuritish va ommaviy axborot vositalarida yagona tasdiqlangan alifbodan foydalanish rejalashtirilgan. Fuqarolarning shaxsiy yozishmalarida esa o‘zi odatlangan yozuv shaklidan foydalanishiga to‘sqinlik qilinmaydi.

Yangi alifboga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z kuchini saqlab qoladi. Ayrim peshlavha, ko‘rsatkich va ramzlardan ham belgilangan muddatgacha yoki ular yaroqsiz holga kelguniga qadar foydalanish mumkin bo‘ladi.

Shu sababli fuqarolarga avval berilgan pasport, diplom, guvohnoma yoki boshqa hujjatlarni faqat alifbo o‘zgargani sababli birdaniga almashtirish talab etilmaydi.

Yangi tizimga o‘tish uchun texnologik infratuzilmani moslashtirish, mutaxassislarni o‘qitish, tegishli qo‘llanmalar va dasturiy vositalarni tayyorlash ham ko‘zda tutilgan.

Huquqiy asoslar

“Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun. Hujjat Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan.

Chat