Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Biznesga nom tanlashda nimalarni tekshirish kerak?

  • 22.09.2026
  • 18 marta o'qildi

Kompaniyaga nom tanlashda uning chiroyli eshitilishi yetarli emas. Nom boshqa firma yoki tovar belgisi bilan adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lmasligi, qonunchilik talablariga mos kelishi va kelgusida brend sifatida himoya qilinishi muhim.

Yangi biznes tashkil etishda firma nomini ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin uni bir nechta manba orqali tekshirish tavsiya etiladi. Firma nomlarini Birdarcha, mavjud yuridik shaxslar haqidagi ma’lumotlarni esa my.gov.uz orqali tekshirish mumkin. My.gov.uz’dagi yuridik shaxslar ma’lumotlarini ko‘rish xizmati bepul va avtomatik tarzda ishlaydi.

Qonunchilikka ko‘ra, firma nomi avval ro‘yxatdan o‘tgan boshqa yuridik shaxs nomi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki o‘xshash bo‘lishi mumkin emas. Davlatning rasmiy nomi, ayrim tashkilotlar nomlari va mashhur shaxslar ismlaridan foydalanishda ham qonuniy cheklovlar mavjud.

Firma nomi va tovar belgisi boshqa-boshqa tushunchalar. Brendni bozorda huquqiy himoya qilish uchun uni alohida tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Nom tanlashda tovar belgisi reyestri, .uz domeni va ijtimoiy tarmoqlardagi nom ham tekshirilgani ma’qul.

Firma nomini oldindan band qilish ham mumkin. Spot ma’lumotiga ko‘ra, band qilish muddati 60 kun, yig‘im esa BHMning 50 foizi. Amaldagi 440 ming so‘mlik BHM bo‘yicha bu 220 ming so‘mni tashkil etadi.

Huquqiy asoslar

Firma nomlari to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori.

Chat