Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Bojxona deklaratsiyasini chegaraga bormasdan turib onlayn to‘ldirish mumkin

  • 02.10.2026
  • 17 marta o'qildi

O‘zbekistonga kirib kelayotgan yoki mamlakatdan chiqib ketayotgan yo‘lovchilar endilikda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini oldindan elektron shaklda to‘ldirishlari mumkin. Xizmat my.gov.uz portali orqali bepul va avtomatik tarzda ko‘rsatiladi.


Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida «Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini oldindan to‘ldirish» xizmati ishga tushirilgan. Undan foydalanish uchun portalda avtorizatsiyadan o‘tish, tegishli xizmatni tanlash, zarur ma’lumotlarni kiritish va arizani yuborish kifoya.

Xizmat bepul, uni bajarish uchun taxminan 5 daqiqa talab etiladi va qo‘shimcha hujjatlar taqdim etish shart emas. Tayyor deklaratsiya bojxona nazoratidan o‘tish vaqtida bojxona inspektoriga taqdim etiladi.

Elektron deklaratsiyada yo‘lovchi tomonidan olib kirilayotgan yoki olib chiqilayotgan tovarlar, naqd valyuta, qimmatbaho buyumlar va qonunchilikda deklaratsiya qilinishi talab etilgan boshqa mol-mulk haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Elektron shaklda rasmiylashtirilgan deklaratsiya bojxona organlarining axborot tizimida avtomatik shakllantiriladi.

Mobil qurilmalar O‘zbekistonga olib kirilganda, bojsiz olib kirish me’yorlaridan qat’i nazar deklaratsiyada ko‘rsatilishi lozim. O‘zbekistonda sotib olingan va avval tegishli identifikatsiya tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mobil qurilmalar bundan mustasno.

Shaxsiy ehtiyoj uchun notijorat maqsadlarda O‘zbekistonga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz me’yori havo transportida 1 000 AQSH dollari, temir yo‘l va daryo transportida 500 AQSH dollari, avtomobil yoki piyoda o‘tkazish punktlari orqali esa 300 AQSH dollari etib belgilangan.

Shuningdek, belgilangan me’yordan ortiq naqd valyuta, ayrim zargarlik buyumlari, dori vositalari, radioelektron vositalar, dronlar, qurol-yarog‘ hamda tarixiy-madaniy boyliklarni olib o‘tishda bojxona talablariga rioya qilish zarur. 100 mln so‘m ekvivalentidan ortiq naqd valyuta uchun deklaratsiya talablari qo‘llanadi.

Elektron deklaratsiya bojxona axborot tizimida qayd etilganidan keyin unda ko‘rsatilgan tovarlar 30 kalendar kun ichida bojxona organiga taqdim etilmasa, deklaratsiya berilmagan deb hisoblanadi va avtomatik ravishda bekor qilinadi.

Chat