Sinov qanday o‘tkazilmoqda?
Proyektor «zebra»ning oq chiziqlarini yo‘l yuzasiga tushiradi. Markazga ko‘ra, bunday chiziqlar g‘ildiraklar ta’sirida o‘chmaydi, ho‘l asfaltda va qor yoqqandan keyin ham ko‘rinadi. Texnologiya turli ob-havo sharoitlarida yaxshi natija bersa, uni Toshkentning boshqa tumanlarida ham qo‘llash ko‘zda tutilgan.
Xavfsizlik bo‘yicha qanday savol bor?
Sinov svetoforsiz, har bir yo‘nalishda ikkitadan harakat bo‘lagi bo‘lgan yo‘lda o‘tkazilmoqda. Gazeta tahlilida markaz e’lon qilgan videoda o‘tish joyiga olib boruvchi qismlar deyarli yoritilmagani qayd etildi. Transport infratuzilmasi bo‘yicha mutaxassis Bobur Siradjevning fikricha, bunday sharoitda haydovchi yorug‘ chiziqlarni uzoqdan ko‘rishi, piyodani esa u qatnov qismiga qadam qo‘yganidagina payqashi mumkin.
Sinovdagi asosiy savol — haydovchi piyodani yo‘lga qadam qo‘yishidan qancha oldin payqay oladi?
O‘tish joyini xavfsizroq qilish uchun qanday yechimlar bor?
Gazeta tahlilida o‘tish joyi va unga olib boruvchi qismlarni piyoda atrof fonida yaqqol ko‘rinadigan qilib yoritish, haydovchi bilan piyodaning bir-birini ko‘rishiga to‘sqinlik qiladigan omillarni bartaraf etish, svetofor va xavfsizlik orolchalaridan foydalanish kabi choralar keltirilgan. Nashr proyeksion «zebra»larni keng joriy etishdan oldin ularning piyodalar xavfsizligiga ta’sirini baholashga chaqirdi.