«Huquqiy axborot» xabariga ko‘ra, ushbu choralar Prezidentning 2026-yil 21-noyabrdagi PF–250-son Farmonida belgilangan. Farmon kino sohasi boshqaruvini yangilash, bir-birini takrorlaydigan vakolatlarni maqbullashtirish, kinoloyihalarni moliyalashtirish, filmlar ishlab chiqarish va mualliflik huquqini himoya qilishni ko‘zda tutadi.
Kino sohasida qanday tuzilmalar tashkil etiladi?
Madaniyat vazirligining markaziy apparatida Kino san’ati departamenti tuziladi. «Qoraqalpoqfilm» davlat muassasasi negizida Milliy kinokompaniya va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi muassisligida shu nomdagi mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etiladi.
Shuningdek, Kinoshunoslar klubi tuziladi, kino sohasidagi ikki uyushmani birlashtirish orqali O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi tashkil etiladi. Toshkent shahrida bolalar kinoijodkorligi maktabi va platformasi ochiladi.
O‘zbekiston tarixi va zamonaviy yutuqlarini jahon ekranlariga olib chiqishga qaratilgan alohida ahamiyatga ega filmlarga Milliy kinokompaniya taklifi bilan Madaniyat vazirligi «Umummilliy kinoloyiha» maqomini beradi.
2028-yil 1-yanvardan qanday tartib joriy etiladi?
Davlat mablag‘lari hisobidan yaratilgan barcha filmlar va davlat arxivlaridagi kino merosi materiallari «O‘zbekfilm» platformasi bazasi uchun raqamli shaklda majburiy tartibda va bepul taqdim etiladi.
Xususiy kinostudiyalar va mualliflarning filmlari platformaga shartnoma asosida joylashtiriladi. Mamlakatdagi barcha kinoteatrlar va film namoyish etuvchi boshqa tashkilotlar kinochiptalarning yagona axborot tizimiga majburiy ulanadi. Har bir seans, sotilgan chiptalar va tushumlar haqidagi ma’lumotlar tizim orqali real vaqt rejimida avtomatik almashiladi.