Qaysi harflar o‘zgaradi?
2026-yil 21-oktabrdagi O‘RQ–1184-son Qonunga ko‘ra, yangilangan alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat. O‘ va G‘ o‘rniga Ö va Ğ, Sh va Ch o‘rniga Ş va Ç qo‘llanadi.
Pasport va ID-kartani almashtirish kerakmi?
Avval berilgan hujjatda harflar eski shaklda yozilgani uning yuridik kuchiga ta’sir qilmaydi. Faqat shu sabab bilan hujjatni qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Loyihaga ko‘ra, Qonun kuchga kirgach, yangi ID-kartalar, xorijga chiqish pasportlari, haydovchilik guvohnomalari, transport vositalarining texpasportlari va kadastr hujjatlarini yangilangan alifboda rasmiylashtirish taklif etilmoqda. Avval tayyorlangan blankalardan 2028-yil 1-yanvarga qadar foydalanish mumkin bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Maktablar va raqamli xizmatlar qanday moslashtiriladi?
Loyihada 2027/2028-o‘quv yilidan birinchi sinf darsliklarini yangi alifboda joriy etish, boshqa sinflar darsliklarini esa 2027–2031-yillarda bosqichma-bosqich yangilash taklif qilingan. Shuningdek, davlat axborot tizimlari, bank ilovalari, elektron savdo maydonchalari va klaviaturalarni yangi yozuvga moslashtirish rejalashtirilgan.
Tadbirkorlar qadoq va yorliqlarni qachon yangilaydi?
Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha qadoq va yorliqlarda har ikki alifbodan foydalanish mumkin bo‘ladi. 2028-yil 22-apreldan yangi bosma buyurtmalar yangilangan alifboda tayyorlanishi, avval bosilgan qadoqlardan esa 2029-yil 22-aprelgacha foydalanish taklif etilgan. Eski tartibda yorliqlangan tovarlar yaroqlilik muddati tugaguniga qadar sotilishi mumkin bo‘ladi.
Hukumat qarori loyihasi 2026-yil 6-dekabrga qadar jamoatchilik muhokamasida. Loyihadagi tartib va muddatlar yakuniy hujjatda o‘zgarishi mumkin.