Bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi, biroq oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi tegishlicha o‘n sakkiz yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanadi.
Moddiy yordam bola(bolalar)siz yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta bo‘lgan oilalarga va yakka-yolg‘iz fuqarolarga 6 oy muddatga tayinlanadi va to‘lanadi.
Agar bir oilada tug‘ilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan bolalar egizak bo‘lsa, ularning biri yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan kichik bola, keyingilari mos ravishda ikkinchi, uchinchi yoki to‘rtinchi hisoblanadi.
«Yagona reyestr» AT orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalar (shaxslar) qo‘shimcha hujjatlar va maʼlumotnomalarni taqdim etmasdan, qonunchilik hujjatlarida ushbu toifadagi oilalar (shaxslar)ga belgilangan tartibda bepul yoki imtiyozli shartlarda ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlardan foydalanishga haqlidir.
Bunda qonunchilik hujjatlarida belgilangan xizmatlardan foydalanish va imtiyozlarni olish uchun «Yagona reyestr» AT orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oila (shaxs)ga O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 3 daqiqa ichida maʼlumotnoma taqdim etiladi. Ushbu maʼlumotnoma oila (shaxs) «Yagona reyestr» AT orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oydan boshlab o‘n ikki oy davomida amal qiladi.
Agar bitta oila so‘nggi 12 oy davomida ketma-ket «Yagona reyestr» AT orqali bir necha marotaba kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan bo‘lsa, bunda maʼlumotnomaning amal qilish muddati ushbu oila oxirgi marotaba kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oydan boshlanadi.
Oila (shaxs) «Yagona reyestr» AT orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotnoma Nizomning 1a-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha taqdim etiladi.
Kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam Nizomning 2-ilovasiga muvofiq sxema bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladi va ro‘yxatga olinadi.
Ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan maxsus ro‘yxatga olish daftarida qayd etiladi, bunda arizaning berilgan sanasi, ariza beruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va yashash manzili ko‘rsatiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ariza beruvchi va oila aʼzolarining O‘zbekiston Respublikasi pasporti yoki ID-kartalari (bunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlarning nusxasi olinib, asli arizachiga qaytariladi);
chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomalari yoki ID-kartalari hamda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida qayd varag‘i (bunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlarning nusxasi olinib, asli arizachiga qaytariladi);
bolalari vasiylik ostida bo‘lgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organi qarorining nusxasi ilova qilinadi;
oilaning mavjud chorva mollari va parrandalari to‘g‘risida Nizomning 3a-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha maʼlumot;
ariza beruvchi va uning oila aʼzolari nomidagi tijorat banki hisobvaraqlaridagi mablag‘ qoldiqlari va ariza berilgan oydan oldingi 3 oy mobaynida ularning nomiga o‘tkazilgan pul o‘tkazmalari yuzasidan maʼlumotlarni Markaziy bank tomonidan «Yagona reyestr» ATga taqdim etish to‘g‘risida oilada birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila aʼzolari imzolari bilan tasdiqlangan Nizomning 3b-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha ariza.
O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining «Yagona reyestr» AT tomonidan elektron so‘rov yuborilgan kunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat staji hisoblanishi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan (to‘liq) miqdorda ijtimoiy soliq to‘langanda hisobga olinadi.
2021 yil 1 sentyabrga qadar tayinlangan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi hamda kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordamni to‘lash muddatlari tugaguniga qadar, mazkur turdagi nafaqalar va moddiy yordamning amaldagi miqdorlari hamda ularni to‘lash muddatlari saqlab qolinadi.
Bolalar nafaqasi va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam miqdorlari:
a) bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
250 000 so‘m – 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun;
325 000 so‘m – yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun;
150 000 so‘m – oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha;
100 000 so‘mdan – oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;
b) kam taʼminlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 380 000 so‘m.
Bolalar nafaqasi tayinlangan oilada bolalar soni o‘zgargan taqdirda (navbatdagi bola tug‘ilganda, 18 yoshgacha bolalardan biri vafot etganda, bola (bolalar) 3 yoshga va 18 yoshga to‘lganda va shu kabilar), bolalar nafaqasi miqdori bolalarning tegishli sonidan kelib chiqib, keyingi oydan boshlab qayta hisoblanadi.
Oilaning bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha bir oylik daromad hajmini aniqlash
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etish asoslari
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni to‘lash va to‘xtatish
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ishonch telefoni 1140