Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17358 marta o'qildi

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari tegishli ta’lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgandan keyin davlat attestatsiyasidan o‘tishlari majburiydir.

Davlat attestatsiyasi ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) o‘quv rejalariga muvofiq quyidagi turlardagi attestatsiya sinovlaridan iborat:

  • xorijiy til bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiya sinovi (oliy ta’lim muassasasi kengashi qaroriga asosan o‘tkazilishi mumkin);
  • ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fanlararo (umumkasbiy va ixtisoslik) yakuniy davlat attestatsiya sinovi;
  • diplom loyihasi himoyasi;
  • bitiruv malakaviy ish (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasi.

Davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi

Davlat attestatsiyasi sinovlari yozma, test yoki og‘zaki usulda tashkil etiladi.

Davlat attestatsiyasiga o‘quv rejada nazarda tutilgan barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar qo‘yiladi.

Davlat attestatsiyasi sinovlari va diplom loyihasi yoki bitiruv malakaviy ish (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasi yoxud ixtisoslik fanlaridan yakuniy davlat attestatsiya sinovi yakuniy davlat attestatsiya komissiyalarining ochiq majlislarida o‘tkaziladi.

Davlat attestatsiyasiga kiritilgan barcha turdagi attestatsiya sinovlari bo‘yicha baholar shu kunning o‘zida e’lon qilinadi.

Davlat attestatsiyasiga kiritilgan barcha turdagi attestatsiya sinovlarida mualliflikni o‘zlashtirishga (plagiatga) yo‘l qo‘yilmaydi.

Bunday holat aniqlanganda davlat attestatsiya komissiyasi tomonidan bitiruvchiga tegishli attestatsiya sinovidan qoniqarsiz baho qo‘yiladi yoki qo‘yilgan ijobiy baho bekor qilinadi.

Davlat attestatsiya natijasi

Davlat attestatsiya komissiyasi bitiruvchilarning davlat attestatsiyasi sinovlari natijalari asosida ularga ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha bakalavr (magistr) darajasi berish haqida qaror qabul qiladi.

Yakuniy davlat attestatsiya komissiyalarining qarorlari ochiq ovoz berish yo‘li bilan, majlisda ishtirok etuvchilarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan holda, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Davlat attestatsiyasi sinovidan o‘ta olmagan shaxs o‘qish muddati tugagandan so‘ng, yakuniy davlat attestatsiyasi sinovini keyingi yillarda qayta topshirish huquqiga ega.

Appelyatsiya

Davlat attestatsiyasi sinovlarida olgan bahosiga e’tiroz bildirgan bitiruvchilarning arizalari apellyatsiya komissiyasida ko‘rib chiqiladi.

Bahodan norozi bo‘lgan bitiruvchilar 3 kun ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga egadirlar.

Apellyatsiya komissiyasi o‘z xulosasini bitiruvchiga 1 kun muddat ichida ma’lum qilishi lozim.

Chat