Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11211 marta o'qildi

E. ismli shaxs yangi uy-joy qurish uchun ipoteka krediti olmoqchi ekanligini ma’lum qilib, quriladigan uy-joy qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi boshlang‘ich to‘lov albatta pul ko‘rinishida amalga oshirilishi shart yoki shart emasligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Yangi uy-joy qurishga ipoteka krediti olish uchun quriladigan uy-joy qiymatining boshlang‘ich to‘lovi faqatgina pul ko‘rinishida emas, balki qurilayotgan uy-joy smeta qiymatining 25 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ariza beruvchi tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga sotib olingan qurilish materiallari tarzida ham bo‘lishi mumkin.

J. ismli shaxs bank kassasidan yirik miqdorda naqd pul olgani, o‘sha paytda u shoshilib turgani uchun naqd pullarni sanamasdan, o‘ramlar soniga qarab olib, uyiga ketgani va uyda pullarni sanab ko‘rganida, pul bog‘lamlarining ayrimlaridan kamomad chiqqani haqida bayon qilib, bunday holatda o‘zining e’tirozi bank tomonidan qabul qilinishi yoki qabul qilinmasligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Bank kassasidan berilgan naqd pulni olgan shaxs kassadan uzoqlashmagan holda olingan pul summasini bank kassirining kuzatuvi ostida birma-bir qayta sanash orqali qabul qilib olishi shart.

Agar mijoz alohida ajratilgan xonada yoki maxsus ajratilgan joyda bank kassiri, nazoratchisi kuzatuvi ostida naqd pullarni qayta sanab olmagan bo‘lsa, shuningdek mijoz naqd pullarni bank kassasidan qabul qilib olganidan so‘ng, chiqim kassasidan uzoqlashgan bo‘lsa, mijozning olingan pullar orasidan kamomad chiqqanligi to‘g‘risidagi e’tirozi qanoatlantirilmaydi.

Bu haqidagi ogohlantiruvchi yozuvlar bank chiqim kassasining oldidagi, mijozlarga ko‘rinarli joyga doimo osilgan bo‘lishi shart.

B. ismli shaxs ancha vaqtdan beri ma’lum bir miqdorda xorijiy valyutani (AQSh dollari) saqlab qo‘yganligini, xozirgi kunga kelib ularning rangi biroz uchganligini, bunday banknotalarni muomalada ishlatsa bo‘ladimi deb so‘ragan

Quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqli to‘lov vositasi hisoblanadi:

  • banknota tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini beradigan darajada siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa (siyqalanish banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan holatlar bundan mustasno);
  • banknota enining (bo‘yining) to‘rtdan bir qismidan oshmagan yopishtirilgan yirtiqlarga ega bo‘lsa;
  • yopishtirib qo‘yilgan burchaklari yoki qismlari (1 sm2 dan oshmagan) bo‘lsa hamda yirtib olingan burchaklari yoki qismlar aniq ushbu banknotaga tegishli bo‘lsa;
  • mayda dog‘laryozuvlarshtamp izi bo‘lganda (bunda yozuv yoki shtamp izi ikki donadan ortiq bo‘lsa, banknota tugatilganligi, soxtaligi yoki namunaviyligini tasdiqlovchi shtamplar bundan mustasno) hamda ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lsa;
  • banknotada diametri 1 mm dan oshmagan va ikkitadan ortiq teshiklar bo‘lsa, bunda teshiklar banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lishi kerak.

 

Shikastlangan banknotalarni ayirboshlashda bank xodimi tomonidan ikki nusxada ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi va uning bir nusxasi jismoniy shaxsga beriladi.

Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning shikastlangan banknotalarini milliy valyutaga ayirboshlash yoki shu turdagi shikastlanmagan banknotalarga almashtirish, maydalash, yiriklash hamda konversiya operatsiyalarni amalga oshirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bunday turdagi operatsiyalar amalga oshirilganda bank tomonidan vositachilik haqlari undirilishi mumkin.

T. ismli shaxs ipoteka asosida uy olmoqchiligini, buning uchun bankga garov qo‘yish kerakligini va qonunchilikda garov mulkining xavfsizligi va uni nobudligi uchun javobgarlik to‘g‘risida ma’lumot bor yoki yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumot so‘ragan.

Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulkdan foydalanish va uni saqlash qoidalari, shuningdek mazkur mol-mulkni asrash majburiyatlari ipotekaga qo‘yuvchi tomonidan qo‘pol ravishda buzilgan hamda bunday qoidabuzarlik garovga qo‘yilgan mol-mulkning yo‘qolishi yoki shikastlanishi xavfini keltirib chiqargan taqdirda, shuningdek garovga qo‘yilgan mol-mulkni sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatlar buzilgan yoxud ipotekaga oluvchiga garovga qo‘yilgan mol-mulkni tekshirishi asossiz ravishda rad etilgan taqdirda, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan ta’minlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini talab qilishga haqli. Agar bunday talabni qanoatlantirish rad etilsa, ipotekaga oluvchi undiruvni qonunchilikda belgilangan tartibda ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishga haqli.
Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi, agar bunday shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ipotekaga qo‘yuvchining zimmasida bo‘ladi.
Agar ipotekaga oluvchi javobgar bo‘lmagan holatlarga ko‘ra garovdagi mol-mulk yo‘qolgan yoki majburiyatni ipoteka bilan ta’minlash jiddiy tarzda yomonlashgan darajada shikastlangan bo‘lsa, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan ta’minlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini, shu jumladan sug‘urta tovoni hisobidan bajarilishini talab qilishga haqli.
Agar ipotekaga oluvchi bilan ipotekaga qo‘yuvchi o‘rtasida nobud bo‘lgan yoki shikastlangan garovga qo‘yilgan mol-mulkni tiklash yoxud almashtirish to‘g‘risida kelishuv tuzilgan va ipotekaga qo‘yuvchi bu kelishuv shartlarini lozim darajada bajarayotgan bo‘lsa, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan ta’minlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishiga doir huquqlarni amalga oshira olmaydi.

Chat