Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5797 marta o'qildi

Veterinariya pasporti – bu hayvonning identifikatsiya raqami, uning egasi, hayvonlarning kasalliklarga qarshi emlanganligi, davolash ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayd etib boriladigan hujjat.

Identifikatsiya qilish tartibi:

Hayvon egalari hayvon tug‘ilgandan ma’lum muddat o‘tgach doimiy yashash joyidagi veterinariya xizmatining vakiliga murojaat qilishi lozim.

Har bir hayvon turiga bu muddat ularning tug‘ilgandan keyin yashab qolishi tendentsiyasini hisobga olgan holda alohida belgilangan. Masalan, qoramol, qo‘y va echkilar, tuyalarning bolalari – 14 kunligidan, qulunlar va xo‘tiklar – 4 oyligidan ro‘yxatga olinadi.

Identifikatsiya qilish uchun hayvonlarni veterinariya bo‘limlariga olib borish kerakmi?

Veterinariya xizmati vakilining o‘zi ariza kelib tushgandan so‘ng 3 kun ichida joyiga borib hayvonlarni identifikatsiya qiladi (to‘lov asosida). Hayvon egasining xohishiga ko‘ra, it va mushuklar ixtiyoriy ravishda veterinariya bo‘limlariga olib borilishi mumkin.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish majburiymi?

Qoramollar, qo‘y va echkilar, cho‘chqalar, otlar, eshaklar va tuyalar, itlar va mushuklarni identifikatsiya qilish shart. Ushbu shartni bajarmaslik veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish hisoblanadi va tegishli javobgarlikka olib keladi.

Identifikatsiya qilingan hayvonlar sotilsa va hadya etilsa nima bo‘ladi?

Hayvonni sotib olgan odam doimiy yashash joyidagi veterinariya xizmati orqali 7 kun ichida hayvonni hisobga qo‘ydiradi. Bunda hayvon yangidan identifikatsiya qilinmaydi yoki yangi pasport berilmaydi. Eski pasportiga tegishli yozuv kiritiladi va mas’ul xodim tomonidan tasdiqlanadi.

Chat