Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22091 marta o'qildi

Bojxona nazorati zonasi nima?

Bojxona nazorati zonasi — bojxona qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida maxsus ajratilgan va belgilangan hudud.

Bojxona nazorati zonasi doimiy yoki muvaqqat bo‘lishi mumkin. Doimiy zona bojxona nazoratidan o‘tishi lozim bo‘lgan tovar va transport vositalari muntazam turgan joylarda tashkil etiladi. Muvaqqat zona esa muayyan bojxona operatsiyasi, ko‘zdan kechirish yoki ko‘rik o‘tkazish zarurati tug‘ilganda tashkil etiladi.

Bojxona nazorati nimalarga nisbatan o‘tkaziladi?

Bojxona nazorati:

  • chegara orqali olib o‘tilayotgan yoki deklaratsiya qilinishi lozim bo‘lgan tovarlar va transport vositalariga;
  • bojxona deklaratsiyalari, tovarga oid hujjat va ma’lumotlarga;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning tovarlarni chegara orqali olib o‘tish va ayrim bojxona rejimlari bilan bog‘liq faoliyatiga nisbatan amalga oshirilishi mumkin.

Nazorat qanday shakllarda o‘tkaziladi?

Bojxona kodeksida, jumladan, quyidagi nazorat shakllari belgilangan:

  • hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirish;
  • og‘zaki so‘rov;
  • axborot olish;
  • bojxona ko‘zdan kechiruvi;
  • tovarlarning markirovkasini tekshirish;
  • bojxona ko‘rigi;
  • shaxsiy ko‘rik;
  • bojxona identifikatsiyasi;
  • bojxona kuzatuvi;
  • binolar va hududlarni tekshirish;
  • tovarlarni hisobga olish, hisob tizimini tekshirish va inventarizatsiya;
  • tovar chiqarib yuborilgandan keyingi bojxona nazorati.

Nazorat shakli vaziyatga qarab tanlanadi. Bojxona organlari nazoratda tanlovchanlik printsipiga amal qilishi va qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan shakllar bilan cheklanishi kerak.

Eslatma: bojxona nazorati zonasida bojxona organi mansabdor shaxsining o‘z vakolati doirasidagi qonuniy talablari bajarilishi shart.

Chat