Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11585 marta o'qildi

18 yoshga to‘lgan va muomala layoqatiga ega bo‘lgan chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblangan vatandosh O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish bo‘yicha murojaat qilishi mumkin.

Quyidagi hollarda murojaat qilish mumkin:
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan loaqal bitta o‘zidan oldingi qarindoshga ega bo‘lsa;
  • tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lsa;
  • O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa;
  • davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.

Taqdim etiladigan hujjatlar:
  • iltimosnoma;
  • so‘rovnoma;
  • tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • chet davlat fuqarosining pasporti yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati yoxud yashash guvohnomasi (fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ID-kartasi);
  • nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (mavjud bo‘lsa);
  • iltimosnomada bola ko‘rsatilgan taqdirda, uning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va chet davlat fuqarosining pasporti yoki yashash guvohnomasi yoxud fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ID-kartasi (mavjud bo‘lsa), bunda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolaning yozma roziligi olinadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida yashayotgan va O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan, nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan oldingi qarindoshining pasporti (ID-kartasi);
  • tirikchilikning qonuniy manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat;
  • o‘zlari fuqarosi bo‘lgan davlatning mutasaddi organidan sudlanganlik holati mavjud yoki yo‘qligini tasdiqlovchi hujjat;
  • davlat boji (konsullik yig‘imi) to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat.

  • Davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilishini tasdiqlovchi hujjat vakolatli organ tomonidan idoralararo ma’lumot almashinuvi tizimi orqali olinadi.

Quyidagilarga davlat tilini muloqot qilish uchun zarur bo‘lgan darajada bilish sharti tatbiq etilmaydi:
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida umumiy o‘rta ta’limdan kam bo‘lmagan darajada ta’lim olgan shaxslar (tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi);
  • 60 yoshga to‘lgan shaxslar;
  • muomala layoqatiga ega bo‘lmagan shaxslar (ishonchli vakili tomonidan ushbu shaxs muomala layoqatiga ega emasligi yoki muomala layoqati cheklanganligi haqida qonuniy kuchga kirgan sud qarori taqdim etiladi);
  • I guruh nogironligi mavjud bo‘lgan shaxslar (nogironlikni tasdiqlovchi ma’lumotnoma taqdim etiladi).

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini olishga elektron ariza berish uchun havolaga o‘ting.

Chat