Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5988 marta o'qildi

Vasiylik va homiylik bo‘yicha faoliyat:

  • tuman, shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari tomonidan — voyaga yetmaganlarga nisbatan;
  • tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan — sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarga, shuningdek sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra homiylikka muhtoj bo‘lgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga nisbatan amalga oshiriladi.

Vasiylik — 14 yoshga to‘lmagan etim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli.

Homiylik — 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan etim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli. Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil ravishda o‘z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va o‘z majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga etgan muomalaga layoqatli fuqarolarga bu shaxslarning iltimosiga ko‘ra homiylik belgilanishi mumkin.

Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs — o‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxs.

Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar — alohida g‘amxo‘rlikka, shuningdek o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj bo‘lgan etim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ota-onalik huquqidan mahrum etilmagan ota-onasi bo‘lgan hamda bolalarning hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid tug‘dirayotgan yoki ularning ta’minoti, tarbiya va ta’lim olishiga doir talablarga javob bermaydigan sharoitda yashayotgan bolalar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra homiylikka muhtoj bo‘lgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolar, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqarolar.

Vasiy yoki homiy tayinlash

Vasiylik yoki homiylik bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun tuman, shahar hokimining qarori bilan vasiy yoki homiy tayinlanadi.

Voyaga yetgan fuqarolar faqat o‘z roziligiga ko‘ra vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin.

Tuman, shahar hokimi vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan shaxsning yozma arizasiga muvofiq vasiy yoki homiy tayinlaydi.

Vasiy yoki homiy tayinlashda uning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlari, majburiyatlarni bajarish qobiliyati, vasiy, homiy va vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs o‘rtasidagi munosabatlar, vasiy yoki homiy oilasining vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga munosabati, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olinishi lozim.

Vasiylik yoki homiylik belgilash zarurligi haqida vasiylik va homiylik organlariga ma’lum bo‘lgan kundan e’tiboran 1 oydan kechiktirmay vasiy yoki homiy tayinlanishi kerak.

Vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan shaxs haqidagi vasiylik va homiylik organi tomonidan olingan ma’lumotlar maxfiy bo‘lib, oshkor qilinmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Yashash joyidan qat’i nazar, vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsning qarindoshlari, u yashayotgan oilaning shaxslari, aka-ukalarni va opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini uzmasdan vasiylikka yoki homiylikka olayotgan shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari vasiy yoki homiy etib tayinlanishda imtiyozli huquqqa ega.

Vasiy va homiy tayinlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Quyidagilar vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin emas:

ota-onalik huquqidan mahrum etilgan yoki ota-onalik huquqlari cheklangan shaxslar;

sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;

sobiq farzandlikka oluvchilar, agar farzandlikka olish ularning o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganligi, farzandlikka olinganlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lganligi, surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lganligi oqibatida bekor qilingan bo‘lsa;

o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi yoxud o‘z huquqlarini suiiste’mol qilganligi uchun vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar va boshqalar.

Chat