Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11431 marta o'qildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-yanvardagi 3-son qarori bilan jabrlangan ayollarga ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi berish, shuningdek, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga uning nusxasini taqdim etish tartibi belgilandi.

Himoya orderi zo‘rlovchi va jabrlanuvchi o‘rtasidagi aloqani va bir xonada bo‘lishni taqiqlashni nazarda tutadi.

Tuzatish dasturining asosiy vazifalari
  • ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldinin olish;
  • zo‘ravonlik holatlarining yuzaga kelishiga yordam beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
  • zo‘ravonliklarning yashirin shakllarni aniqlash v tuzatish;
  • zo‘ravonlik sodir etkanlar va boshqalar bilan individual (yoki guruh shaklida) tushuntirish ishlarini olib borish.

Quyidagilar himoya orderini berish uchun asos hisoblanadi
  • tazyiq va zo‘ravonlik qurbonining murojaati;
  • jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
  • tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
  • davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.

Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismida belgilangan tartibda qayd etilgan murojaatlar va xabarlar darhol profilaktika inspektoriga taqdim etiladi. Profilaktika inspektori ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari tomonidan taqdim etilgan murojaatlar va xabarlarni 24 soat mobaynida o‘rganib chiqadi hamda o‘rganish davomida
  • jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar hamda boshqa shaxslar bilan holat yuzasidan suhbat o‘tkazadi;
  • jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning turmush tarzi, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishining kelib chiqishi sabablari va shart-sharoitlarini o‘rganadi;
  • jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.

Profilaktika inspektori murojaat va xabarlarni o‘rganish yakuni bo‘yicha
  • tazyiq va zo‘ravonlik holatlari aniqlangan taqdirda — himoya orderini rasmiylashtiradi;
  • zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga himoya orderi berilganligi to‘g‘risida jabrlanuvchining roziligi bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, shuningdek, boshqa tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlarni xabardor qiladi;
  • tazyiq va zo‘ravonlik holatlari aniqlanmagan taqdirda qonunchilik hujjatlariga muvofiq tegishli choralarni belgilaydi hamda bu haqda fuqarolar yig‘ini raisi, kotibi, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiradi.

Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin
  • tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini taqiqlash (ish joylarida va ta’lim muassasalarida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yo‘l qo‘yiladi);
  • tazyiq o‘tkazilgan va zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada birga bo‘lishini taqiqlash;
  • tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning qurolni (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi yoki unda ko‘rsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek, qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.

Agar ishni o‘rganish vaqtida jinoyat belgilari aniqlangan taqdirda — himoya orderini berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish bilan bir vaqtda ish materiallarini jinoiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboradi.

  • Himoya orderi 30 kunga beriladi. Agar bu muddat ichida xavf bartaraf etilmasa, jabrlanuvchining arizasiga binoan order ko‘pi bilan yana bir oyga uzaytiriladi.
  • Profilaktika va nazorat ishlariga mehnat organlari, ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash idoralari, xotin-qizlar Qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham jalb etiladi.
Chat