Ta’lim, ilm-fan, sport hamda sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash borasidagi vazifalar
6086 marta o'qildi
Ta’lim, ilm-fan, sport hamda sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, xotin-qizlar va erkaklarni butun umr davomida o‘qishga bo‘lgan imkoniyatlarini rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olinishini kengaytirish;
xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan dasturiy ishlanmalarini, innovatsion g‘oyalarini, ixtirochilik, ratsionalizatorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
zamonaviy pedagogik texnologiyalar va uslublarni hisobga olgan holda maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga gender mavzusini joriy etish orqali fuqarolarning genderga oid savodxonligini yuksaltirish;
ehtiyoji yuqori bo‘lgan sohalarda mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga va malaka oshirishga xotin-qizlarni jalb qilish;
mavjud va kelajakda yaratiladigan maktab darsliklari, o‘quv-uslubiy materiallar va boshqa nashrlarning jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik printsipiga muvofiq gender ekspertizadan o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj, notinch oilalardan bo‘lgan xotin-qizlarni ta’lim olishiga ko‘maklashish va ularni kasbga yo‘naltirish;
maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda erkaklar ulushi kam bo‘lgan boshqa sohalarga ayollar bilan teng ravishda erkaklarni jalb qilishga doir faoliyatni qo‘llab-quvvatlash;
xotin-qizlar va erkaklarning oilani rejalashtirish borasidagi tibbiy madaniyatini oshirish, zarur axborot va xizmatlarga erkin hamda teng ravishda ega bo‘lishini ta’minlash, oilani rejalashtirishda ularning shaxsiy hayotiga uchinchi shaxslarning aralashishiga yo‘l qo‘ymaslikni qo‘llab-quvvatlash;
hududlarda, ayniqsa qishloq joylarida xotin-qizlar va erkaklarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yuksaltirish;
ijtimoiy ahamiyatli va yuqumli kasalliklarga duchor bo‘lgan bemorlarni qo‘llab-quvvatlash;
ta’lim, ilm-fan, sport hamda sog‘liqni saqlash sohalarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi tafovutlarni tahlil qilish, bu borada ilmiy, amaliy hamda fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;
xotin-qizlar va erkaklarning tibbiy madaniyatini oshirish, ularning reproduktiv salomatligini mustahkamlash, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarni oldini olish, jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishlarning oldini olishda davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash.