Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 6753 marta o'qildi

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, bosh tashkiloti O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari, respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Viloyat, tuman, shahar, shaharcha, qishloq va ovul hududlarida faoliyat olib boradigan nodavlat notijorat tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlarini, shuningdek ularning qaramog‘idagi oila a’zolarini belgilangan tartibda akkreditatsiya qilishni amalga oshiradi.

NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatga oluvchi organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
  • mazkur nodavlat notijorat tashkilotining rahbar-organi a’zolari har birining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va joyi, yashash joyi hamda manzilini ko‘rsatgan holda ular tomonidan imzolangan ariza;
  • nodavlat notijorat tashkilotining ustavi yoxud yuridik shaxs bo‘lgan vakolatxona yoki filial to‘g‘risidagi nizom davlat tilida ikki nusxada;
  • ta’sis shartnomasi — nodavlat notijorat tashkilotlarining uyushmalari (ittifoqlari) uchun;
  • nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi ta’sis s’ezdi (konferentsiyasi) yoki umumiy yig‘ilishning bayonnomasi yoxud ta’sischining qarori (respublika va viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlari uchun tegishli vakolatxonalar va filiallarni tashkil etish, rahbar organlarni hamda boshqa organlarni shakllantirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi);
  • joylashgan eri nodavlat notijorat tashkilotining pochta manzili sifatida foydalanilishi mo‘ljallanayotgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqini yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
  • nodavlat notijorat tashkilotini tuzish tashabbuskorlari yoxud uning ta’sischilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • tashabbuskor fuqarolarning ro‘yxati;
  • bosh nodavlat notijorat tashkiloti davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi — vakolatxonalar va filiallar uchun;
  • dastlabki mablag‘lar shakllantirilganligini tasdiqlovchi hujjat — jamoat fondlari uchun;
  • vasiyatnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi — vasiyatnoma bo‘yicha tashkil etilayotgan jamoat fondlari uchun;
  • davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi bank to‘lov hujjati.

  • Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlar ta’sis s’ezdi (konferentsiyasi) yoki umumiy yig‘ilish o‘tkazilgan kundan e’tiboran 2 oy ichida, jamoat birlashmasi uchun esa 1 oy ichida taqdim etiladi.

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlarni qabul qilib olgan adliya organi ularni 1 oylik muddat ichida ko‘rib chiqadi hamda nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran 3 kun ichida muassislarga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma yoki qonunchilikning qaysi qoidalari buzilganligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga olib kelganligi haqida aniq ko‘rsatilgan hujjat beradi.

Chat