Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5465 marta o'qildi

Ijaraga beruvchi bilan og‘zaki ijara shartnomasi tuzganman, kelgusida qandaydir tushunmovchilik bo‘ladigan bo‘lsa, bu xolatda masala qanday tartibda xal etiladi?

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi va davlat soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yilishi kerak. 

Shartnomani hisobga qo‘yish shartnoma tuzilgan kundan 3 kundan kechiktirmay ijara.soliq.uz portali orqali bepul amalga oshiriladi va bu ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi. 

Bundan tashqari, uy egasiga ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-1-moddasida fuqarolar o‘rtasida turar joyni ijara shartnomasisiz ijaraga berganligi uchun aybdor shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 barovarigacha miqdorda jarima solinishga sabab bo‘lishini eslatib qoyish maqsadga muvofiq.

 

Bir korxona binosini ijaraga olganman, ushbu korxona binosini remont qilsam bo‘ladimi?

Korxonani ijaraga olish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, korxonani ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining ruxsatidan qat’i nazar, ijaraga olingan mol-mulkni ajratib bo‘lmaydigan tarzda yaxshilash qiymatini olishga haqli.
Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchining bunday yaxshilashga qilgan xarajatlari ijaraga olingan mol-mulkning qiymatini uning sifati va (yoki) undan foydalanish xususiyatlarini yaxshilashga qaraganda beqiyos darajada oshirib yuborganligini yoki bunday yaxshilashni amalga oshirish vaqtida halollik va oqilonalik tamoyillari buzilganligini isbotlasa, sud uni bunday yaxshilash haqini ijaraga oluvchiga to‘lash majburiyatidan ozod qilishi mumkin.

Talaba-do‘stlarim bilan bir xonadonda ijarada turamiz, ijara beruvchi bir necha oydan buyon ijara pulini shartnomada ko‘rsatilgan narxdan ancha yuqori qilib oliyabdi, bu xolatda qanday yo‘l tutsak bo‘ladi?

Ijaraga beruvchining ijaraga turgan shaxsni uy-joydan chiqib ketish yoki ortiqcha haq to‘lashga oid noqonuniy talablar ustidan fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlarga murojaat qilish orqali buzilgan huquqlarni tiklash mumkin.

1 yildan buyon ijara shartnomasi asosida ijarada turaman, uy egasi 10 kunda uyni bo‘shatib qoyishimni talab qilmoqda, bu qanchalik to‘g‘ri, uy egasining bunday xuquqi bormi?

Yo‘q, ijaraga beruvchining bunday xuquqi yo‘q. Fuqarolik kodeksining 615-moddasiga ko‘ra, uy-joyni ijaraga berish shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi.

Ba’zi bir xolatlar bundan mustasno:

  • agar shartnomada uzoqroq muddat belgilangan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi tomonidan uy-joy uchun 6 oy mobaynida, qisqa muddatli ijarada esa shartnomada belgilangan haq to‘lash muddati o‘tganidan keyin 2-martadan ko‘proq haq to‘lanmagan bo‘lsa;
  • ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar tomonidan uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur etkazilsa;
  • uy-joydan g‘ayrihuquqiy qilmishlarni sodir etish uchun foydalanilgan bo‘lsa, ijaraga beruvchining talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.

Agarda Siz yuqoridagi xolatlarga yo‘l qoymagan bo‘lsangiz, ijaraga beruvchining  uy-joydan chiqib ketish to‘g‘risidagi talabi ustidan fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlarga murojaat qilish orqali buzilgan huquqlaringizni tiklashingiz mumkin.

Men ijarada turaman, xozirda ma’lum bir muddatga boshqa viloyatga ketishim kerak bo‘lib qoldi, shu vaqt mobayniga uyni o‘zim boshqa shaxsga ijaraga bersam bo‘ladimi, ikkilamchi ijaraga?

Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligi bilan o‘zi ijaraga olgan binoning bir qismini yoki hammasini muayyan muddatga ikkilamchi ijaraga oluvchiga beradi. Ikkilamchi ijaraga oluvchi uy-joydan mustaqil foydalanish huquqiga ega bo‘lmaydi. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchi oldida javobgar bo‘lib qolaveradi.
Bundan tashqari:

Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi qonunchilikning jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilgan taqdirdagina tuzilishi mumkin.
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi haq evaziga amalga oshiriladi.
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasining muddati uy-joyni ijaraga berish shartnomasining muddatidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda bir vaqtning o‘zida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi ham bekor qilinadi.
Yangi muddatga shartnoma tuzishga bo‘lgan imtiyozli huquq to‘g‘risidagi qoida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Chat