Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 6698 marta o'qildi

Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisiga mazkur xizmatchining o‘z vakolatlaridan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni uni pora evaziga o‘ziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish — BHMning 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xodimning tijoratda pora evaziga og‘dirib olish jinoiy javobgarlikka tortiladi.


Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisiga mazkur xizmatchining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni uni pora evaziga o‘ziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish — BHMning 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Pora olish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi — BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Pora olish:

  • a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari Jnoyat Kodeksning 211 yoki 212-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
  • b) ko‘p miqdorda;
  • v) tamagirlik yo‘li bilan;
  • g) bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa — 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Pora olish:

  • a) juda ko‘p miqdorda;
  • b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa — 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

!Basharti, shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda 30 sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.


Pora olish-berishda vositachilik qilish, ya’ni pora olish yoki berish xususidagi kelishuvga erishishga qaratilgan faoliyat, shuningdek manfaatdor shaxslarning topshirig‘i bilan porani bevosita berish — BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

!Basharti, pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxs jinoiy harakatlarni sodir etganidan keyin bu haqda 30 sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Chat