Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5145 marta o'qildi

Xodim uchun ish vaqtining normal davomiyligi 5 kunlik yoki 6 kunlik ish haftasida haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Ish vaqtining tushunchasi va turlari:

Xodim ichki mehnat tartib qoidalariga, smenalarga bo‘linib ishlash (ish) jadvallariga, boshqa ichki hujjatlarga yoki mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini qaysi vaqt mobaynida bajarishi kerak bo‘lsa, o‘sha vaqt ish vaqtidir.

Ish vaqtiga quyidagilar kiradi:
  • xodim mehnat majburiyatlarini haqiqatda bajargan vaqt;
  • ushbu Kodeksda nazarda tutilgan vaqt davrlari (xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt, texnologiya hamda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan tanaffuslar, bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar va boshqalar), shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa vaqt davrlari, shu jumladan asosiy va tayyorgarlik-yakuniy ishlarni bajarish vaqti (kiyim, materiallar, asbob-uskunalar olish, texnika, hujjatlar bilan tanishish, ish o‘rnini tayyorlash va tozalash, tayyor mahsulotni topshirish va boshqalar).

Ish vaqtining turlari quyidagilardan iboratdir:
  • ish vaqtining normal davomiyligi;
  • ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi;
  • to‘liqsiz ish vaqti.

 

Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi:

Ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘ining holati, mehnat shartlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa holatlar hisobga olingan holda qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi.

Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi quyidagilarga majburiy tartibda belgilanadi:

  • 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga (ushbu Kodeksning 415-moddasi);
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga (ushbu Kodeks 427-moddasining birinchi qismi);
  • noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarga (ushbu Kodeksning 477-moddasi);
  • ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy, asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlariga, pedagoglarga va boshqa toifadagi xodimlarga (ushbu Kodeksning 184-moddasi);
  • 3 yoshgacha bo‘lgan bolaning byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) (ushbu Kodeks 397-moddasining birinchi qismi).

Har kungi ishning (smenaning) davomiyligi:

a) o‘ziga nisbatan ish vaqtining normal davomiyligi belgilangan xodimlar uchun:

  • 6 kunlik ish haftasida — 7 soatdan;
  • 5 kunlik ish haftasida — 8 soatdan;

b) 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun — ushbu Kodeksning 416-moddasida belgilangan davomiylikdan;
v) nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun — ushbu Kodeks 427-moddasining ikkinchi qismida belgilangan davomiylikdan; va boshqalar.

To‘liqsiz ish vaqti:

Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra xodimga ishga qabul qilish chog‘ida va keyinchalik to‘liqsiz ish vaqti (to‘liqsiz ish kuni (smena) va (yoki) to‘liqsiz ish haftasi, shu jumladan ish kunini qismlarga bo‘lgan holda) belgilanishi mumkin. To‘liqsiz ish vaqti ham muddati cheklanmagan holda, ham mehnat shartnomasi taraflari kelishgan har qanday muddatga belgilanishi mumkin.

Ish beruvchi:

  • ushbu Kodeksning 398-moddasiga muvofiq homilador ayolning, 14 yoshgacha bo‘lgan bola (16 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bola) ota-onasidan birining (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxsning), shuningdek oilaning betob a’zosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsning iltimosiga ko‘ra tibbiy xulosaga binoan;
  • nogironligi bo‘lgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, agar mazkur shaxs uchun ish vaqtini belgilash ushbu Kodeks 424-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalarida nazarda tutilgan bo‘lsa;
  • va boshqalar.

Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasidagi ishning davomiyligi:
  • Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida 1 soatga qisqartiriladi.
  • Bayramdan oldingi kuni ishning (smenaning) davomiyligini qisqartirish imkoni bo‘lmagan uzluksiz ishlaydigan tashkilotlarda va ayrim turdagi ishlarda ortiqcha ishlaganlik xodimga qo‘shimcha dam olish vaqti berish yoki xodimning roziligi bilan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan normalar bo‘yicha haq to‘lash orqali kompensatsiya qilinadi.

Chat