Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13692 marta o'qildi

Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish etarli asoslar mavjud bo‘lganda va manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmaganda, ushbu yozuvlar saqlanayotgan joydagi, agar ular O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan bo‘lsa, FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.

16 yoshga to‘lgan shaxslarning tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar kiritish ularning arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar:
  • «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasi asosida tarixiy va milliy an’analarga rioya qilish maqsadida familiyasi, ismi, otasining ismini yozdirish istagi bo‘lganda;
  • otalik belgilanganda;
  • farzandlikka olinganda;
  • ota-onaning o‘zaro kelishuviga ko‘ra (shuningdek ota-ona nikohdan ajratilganda) yoki hokim qaroriga ko‘ra voyaga etmagan bolaning familiyasi o‘zgartirilganda;
  • millati o‘zgartirilganda;
  • nikohda turmagan ona tomonidan bolaning otasi haqidagi ma’lumotlarni o‘zgartirish haqida ariza berilganda (bola 16 yoshga etgunga qadar);
  • sud qarori bilan otalikni belgilash haqiqiy emas deb topilganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda;
  • ota-onasining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgartirilishi munosabati bilan voyaga etmagan bolaning familiyasi va otasining ismi o‘zgartirilganda;
  • imloviy xato va noaniqliklar bo‘lganda, shuningdek tug‘ilgan vaqti, joyi va otasining ismi yozilmay qolganda;
  • 16 yoshga to‘lmagan bolaning ismi va familiyasi o‘zgartirilganda, agar ismi va familiyasi ota-onasining xohishi hisobga olinmagan holda berilgan bo‘lsa;
  • agar dalolatnoma yozuvida ismi qisqartirib yoki erkalatish shaklida yozilgan bo‘lsa;
  • jinsi o‘zgartirilganda.

Taqdim etiladigan hujjatlar:
  • O‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi ariza yoki sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori;
  • Ariza beruvchining iltimosi asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (pasportning nusxasi (kseronusxasi) hamda gerbli guvohnoma (lar);
  • Dalolatnoma yozuvlari nusxalari;
  • O‘zgartirilishi lozim bo‘lgan guvohnomalarning asl nusxasi.

Chat