Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 21978 marta o'qildi

  • Ota-ona va bolalarning alohida-alohida mulki bo‘lishi mumkin va birga yashab turganda ular bir-birlarining roziligi bilan bunday mulkka egalik qilishlari va undan foydalanishlari mumkin.
  • Ota-ona va 14 yoshga to‘lgan voyaga etmagan bolalar o‘rtasida umumiy mulk huquqi vujudga kelishi mumkin.
  • Ota-ona va voyaga etmagan bolalar umumiy mol-mulkni vujudga keltirish to‘g‘risida kelishuv tuzishlari mumkin.

Ota-ona va voyaga etmagan bolalarning umumiy mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqi fuqarolik qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.


  • Ota-ona hayotligida bolalar ularning mol-mulkiga nisbatan mulkdor bo‘lish huquqiga ega emas.
  • Ota-ona ham voyaga etmagan bolalarning mol-mulkiga nisbatan mulkdor bo‘lish huquqiga ega emas.
  • Voyaga etmagan bolalar o‘z ota-onasidan va boshqa shaxslardan ta’minot olish huquqiga ega. Voyaga etmagan bolalar ta’minoti uchun olingan mablag‘, pensiya, nafaqa uning otasi yoki onasi tasarrufida bo‘lib, bolaning ta’minoti, tarbiyasi va ta’lim olishi uchun sarflanishi kerak.

Voyaga etmaganlarning muomila layoqati

14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga etmaganlar bitimlarni o‘z ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuzadilar. Voyaga etmagan shaxs tomonidan tuzilgan bunday bitim keyinchalik shaxsning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysi yozma ravishda ma’qullaganidan so‘ng haqiqiy hisoblanadi.

14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga etmaganlar ota-onalari, farzandlikka oluvchilar va homiylarining roziligisiz quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli:

  • o‘z ish haqi, stipendiyasi va boshqa daromadlarini tasarruf etish;
  • fan, adabiyot yoki san’at asarining, ixtironing yoxud o‘z intellektual faoliyatining qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa natijasi muallifi huquqini amalga oshirish;
  • qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qo‘yish va ularni tasarruf etish;
  • mayda maishiy bitimlarni hamda boshqa bitimlarni tuzish.

Shuningdek, 14 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari bitim tuzishi mumkin.

6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar:

  • mayda maishiy bitimlar;
  • tekin manfaat ko‘rishga qaratilgan, notarial tasdiqlashni yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni talab qilmaydigan bitimlar;
  • qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan muayyan maqsad yoki erkin tasarruf etish uchun berilgan mablag‘larni tasarruf etish borasidagi bitimlar.

Chat