Pedagog xodimlarning malakasini oshirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri (ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish) va bilvosita (ta’lim dasturlarisiz o‘qitish) shakllari bo‘yicha tashkil etiladi.
Pedagog xodimlarning malakasini oshirish quyidagi ko‘rinishlarda amalga oshiriladi:
- asosiy ishdan bo‘shagan holda;
- asosiy ishdan qisman bo‘shagan holda (uyg‘unlashtirilgan usul);
- asosiy ishdan bo‘shamagan holda (masofaviy ta’lim).
Asosiy ishdan bo‘shagan holda va asosiy ishdan qisman bo‘shagan holda (uyg‘unlashtirilgan usulda) malakani oshirish oliy ta’lim muassasasi va hududiy markaz bazasida o‘tkaziladi.
Asosiy ishdan qisman bo‘shagan holda (uyg‘unlashtirilgan usulda) malaka oshirish kursi umumiy davomiyligining 50 yoki 25 foizi — hududiy markazda auditoriya mashg‘ulotlariga ajratiladi. Kursning qolgan qismi amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini nazarda tutadi. Amaliy mashg‘ulotlarni asosiy ish joyida o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi.
Amaliy mashg‘ulotlarning har bir o‘zlashtirilgan moduli bo‘yicha test sinovlari, referat topshirish, amaliyot bo‘yicha hisobot va shu kabilar shaklidagi nazorat nazarda tutiladi.
Asosiy ishdan bo‘shamagan holda o‘qitishning masofaviy ta’lim shakli qo‘llaniladi.
Pedagog xodimlarning malakasini oshirish davomiyligi uni tashkil etish shakllariga hamda pedagog xodimning kasbiy malaka darajasini va individual kasbiy ehtiyojini hisobga olgan holda buyurtmachi tomonidan belgilanadigan talablarga bog‘liq holda aniqlanadi.
Pedagog xodimlar 5 yilda kamida bir marta malaka oshirishlari shart.
Malaka oshirishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shakllari uchun auditoriya mashg‘ulotlarining va mustaqil ishlarning eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.