Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16013 marta o'qildi

Uyimni kompensatsiya pullarini bermasdan buzishmoqchi, buni tartibi qanday?

 Er uchastkasini olib qo‘yish Vazirlar Mahkamasining 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, er uchastkasi buzilishidan oldin Siz bilan hokimlik yoki investor o‘rtasida kompensatsiya turi, miqdori kelishiladi va ushbu kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi. Kelishilgan kompensatsiya qoplab berilmaguncha uy buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

2018-yilda shahar hududida yangi qurilayotgan arzon ko‘p qavatli uylardan sotib olish uchun hujjat topshirgan edik, lekin bizdan keyin hujjat topshirgan fuqarolar oldi, kimlar birinchi navbatda olish huquqiga ega?

 Vazirlar Mahkamasining 14-sonli karoriga asosan, uy-joyi yo‘q yoki ijarada, bepul foydalanish shartlari asosida turar joyda yoki eskirgan uylarda yashayotganlarga, bir uyda boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashayotganlarga, ko‘p bolali onalarga, oila tarkibida I gurux nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalar birinchi navbatda uy-joy olish xukukiga egadirlar.

Qishloqda yakka tartibda uy-joy qurish uchun er maydoniga 2001-yilda imorat qurganman, lekin er ajratish bo‘yicha hokim qarori yo‘q. Endilikda qanday qilib egalik huquqini belgilashim mumkin?

 Fuqarolik kodeksining 187-moddasida egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat nazarda tutilgan bo‘lib, bunda mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka 15 yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs ushbu mol-mulkka mulk huquqini olishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Ekin er maydonida imorat qurgandim. Endi arxitektura va hokimiyatdan odam kelib, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilma qilgansiz, 15 kun ichida buzing deb ogohlantirib ketishdi. Shu asoslimi?

 Qurilish maqsadlari uchun ajratilgan er uchastkalarida, imorat qurish uchun tegishli ruhsatnoma olmasdan, arxitektua va qurilish normalarini buzgan holda qurilgan ko‘chmas mulklar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat deb topiladi. Imoratni qurgan shaxs 15 kunlik muddat ichida uni buzib tashlashi shart. Agarda shu mudat ichida buzib tashlanmasa tuman hokimi huzuridgi tegishli komissiya tomonidan sud tartibida amalga oshiriladi.

Aka-uka qo‘shni bo‘lib yashaymiz, onamiz tirikligida vasiyat qilib 1300 kv.m joyni bizlarga qoldirgan, ukam kadastr hujjatlari rasmiylashtirganda meni hududimga o‘tgan, nima qilsam bo‘ladi?

 Fuqarolik kodeksining 1146-moddasiga ko‘ra, Siz meros ochilgan joydagi notariusdan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma olasiz, shuningdek, merosni qabul qilib olgan merosxo‘rlardan biri merosning taqsimlanishini talab qilishga haqli, agarda merosni taqsimlashda merosxo‘rlar kelishuvga erisha olmasa sud tartibida amalga oshiriladi. Keyin har kim o‘z merosiga nisbatan tuman kadastr bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Tabiiy gaz tarmog‘idan qanday holatda uzilishi mumkin?

✅ Iste’molchi yashamaydigan va xizmat safariga ketgan vaqtda xonadonini tabiiy gaz tarmog‘idan uzish uchun tumangaz filiali rahbari nomiga ariza asosida murojaat qilib, tabiiy gaz tarmog‘idan vaqtincha uziladi. Debitor qarzdorligi mavjud xonadonlar shartnoma shartlariga asosan, ogohlantirish berilgandan so‘ng, 10 kundan keyin tabiiy gaz tarmog‘idan uziladi.

✅ Iste’molchi tabiiy gaz tarmog‘iga ulanishi uchun aniqlangan qarzdorlik to‘langanligi bo‘yicha to‘lov qog‘ozi (kvitantsiya) nusxasini taqdim etgandan so‘ng, tumangaz rahbari nomiga ariza bilan murojaat qilib, iste’molchi hisobidan tabiiy gaz tarmog‘iga qayta ulanishi mumkin.

Chat