Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Ish tashlashni amalga oshirish tartibi belgilandi

  • 12.06.2026
  • 33 marta o'qildi

Qonun (O‘RQ–1150-son, 11.06.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, agar yarashtirish taomillari orqali jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning iloji bo‘lmasa, mehnat jamoasi ish tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Ish tashlashda qatnashish ixtiyoriydir. Hech kim ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majbur qilinishi mumkin emas.

Ish tashlashni eʼlon qilish to‘g‘risidagi qaror tashkilot xodimlarining umumiy yig‘ilishida qatnashayotgan xodimlarning 50 foizidan ko‘prog‘i yoqlab bergan ovozi bilan qabul qilinadi.

Qaror qabul qilish ish tashlash boshlanishidan kamida 1 oy oldin amalga oshiriladi.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi ish tashlashni eʼlon qilish to‘g‘risidagi qaror haqida ish beruvchini qaror qabul qilingan paytdan 1 ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.

Ish beruvchi bo‘lajak ish tashlashni eʼlon qilish to‘g‘risida yozma xabarnomani olgan paytdan eʼtiboran 1 ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlarini yozma ravishda ogohlantiradi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ish tashlash paytida xodimning ish joyi saqlanib qoladi

Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ish tashlashga kasaba uyushmasi qo‘mitasining vakolatli vakili rahbarlik qiladi.

Xodimning ish tashlash bilan bog‘liq jarayonda ishtirok etgani uni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.

Ish tashlash paytida unda ishtirok etadigan xodimning ish joyi va lavozimi saqlanib qoladi.

Ish beruvchi xodimga u ish tashlashda qatnashgan vaqtida ish haqini to‘lamaslik huquqiga ega.

Ish tashlash insonlarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish real xavfini keltirib chiqarsa, tinchlik va xavfsizlikka, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga, ekologik barqarorlikka tahdid solsa, sudning qaroriga asosan:

♦ eʼlon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqti 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kechiktirilishi;

♦ ish tashlash 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.

Tibbiyot xodimlari ish tashlashda qatnashishi mumkin emas

Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, favqulodda holat yoki favqulodda vaziyatlar paytida, urush holatida, umumiy safarbarlik eʼlon qilingan davrda ish tashlash taqiqlanadi.

Ish tashlashda quyidagilarning qatnashishi mumkin emas hamda ular ishtirokidagi ish tashlash taqiqlangan hisoblanadi:

♦ tibbiyot xodimlari;

♦ davlat organining vakolatlarini amalga oshirish uchun Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan shaxslar;

♦ harbiy xizmatchilar, sudyalar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maxsus (harbiy) unvonlarga yoki martaba (malaka, mansab) darajalariga ega xodimlari;

♦ energiya va suv taʼminoti tizimi tashkilotlari xodimlari;

♦ aloqa tizimi xodimlari.

Agar Mehnat kodeksi va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan talablarni buzgan holda ish tashlash amalga oshirilgan yoki ish tashlashni eʼlon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, bu noqonuniy ish tashlash deb topiladi.

Ish tashlash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi

 Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, mehnat qonunchiligi bilan ish tashlash taqiqlangan hollarda ish tashlashda ishtirok etish, –
 
➖ BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
 
Noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish, –
 
➖ BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
 
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish, shuningdek ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majbur qilish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, –
 
▪️ BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;
▪️ 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari; 
▪️ 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
▪️ 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.

Chat