Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Yer va unda qurilgan mulkka oid huquqlarni eʼtirof etish jarayonlari yana-da soddalashtiriladi

  • 18.06.2026
  • 13 marta o'qildi

Qonun (O‘RQ–1153-son, 15.06.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Mazkur Qonun o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish jarayonlarini jadallashtirish, amaliyotda yagona va izchil tartibni taʼminlashga qaratilgan.

Kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilib, qarzdorlik miqdori BHMning 30 baravaridan oshmagan ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish yo‘lga qo‘yiladi.

Qonunda belgilangan muddatlar amaldagi 150 kundan  50 kunga (3 baravarga) qisqartiriladi.

1 martalik to‘lovlarning 50 foizi belgilangan muddatda (20 ish kunida) to‘liq to‘langanda, uning qolgan qismiga chegirma beriladi.

To‘lash imkoniyati bo‘lmaganda fuqaroga soliq inspeksiyasi bilan shartnoma tuzish orqali mazkur mablag‘ni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Ortiqcha egallangan yer uchastkasiga huquqni eʼtirof etish mexanizmi yana-da takomillashtirildi.

Xalq deputatlari kengashlari qarorlari huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga asos bo‘lishi belgilandi.

2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyunga qadar yer uchastkasi uchun oshirilgan stavkada hisoblangan soliqlar jismoniy shaxslarga qo‘llanilmasligi belgilandi.

Fuqarolarning vaqti va mablag‘larini tejash maqsadida shikoyatlarni sudga qadar ko‘rib chiqish mexanizmi kiritildi.

Yer uchastkasining qurilishi taqiqlangan hududga tushgan qismini chegirib tashlagan holda uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish tartibi joriy etiladi.

Bino-inshootlar xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotni taqdim etishga tuman (shahar) hokimliklari ham masʼul etib belgilandi.

Ushbu Qonun Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Chat