Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

“Urganch–Xiva” pulli avtomobil yo‘lidan foydalanishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi

  • 06.10.2026
  • 64 marta o'qildi

Adliya vazirligi “Urganch–Xiva” pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3949, 2026 yil 30 sentyabr).

Unga ko‘ra:

  • operator yo‘ldan foydalanish boshlanishidan oldin tariflar, to‘lov usullari hamda muqobil bepul yo‘l haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;

  • pulli yo‘ldan foydalanish operator va foydalanuvchi o‘rtasidagi ommaviy shartnoma asosida amalga oshiriladi;

  • to‘lovlar elektron shaxsiy hisob, to‘lov punkti yoki kechiktirilgan to‘lov usuli orqali amalga oshiriladi;

  • yo‘ldan foydalanish uchun to‘lov miqdori transport vositasi toifasiga qarab, Transport vazirligi tomonidan belgilangan eng yuqori miqdorlardan oshmagan holda operator tomonidan belgilanadi;

  • foydalanuvchi to‘lov tarixi va qarzdorligini tekshirish, noto‘g‘ri hisoblangan to‘lovni qayta hisoblashni talab qilish hamda operatorning harakatlari ustidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega;

  • to‘siqsiz tizimda kechiktirilgan to‘lov qo‘llanilganda, to‘lov xabarnoma yuborilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida amalga oshirilishi lozim;

  • qarzdorlik bo‘yicha shikoyat kelib tushganda, operator besh ish kuni ichida maʼlumotlarni qayta tekshiradi. Shikoyat asosli bo‘lsa, qarzdorlik bekor qilinadi yoki qayta hisoblanadi;

  • operator yo‘lni soz holatda saqlash, avariya va texnik nosozliklarda yordamni tashkil etish hamda yo‘ldagi nosozliklar tufayli transport vositalariga yetkazilgan zararni belgilangan tartibda qoplashga majbur.


Mazkur hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi hamda pulli avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibini belgilovchi Vazirlar Mahkamasi qarori kuchga kirguniga qadar amal qiladi.

Chat