Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8380 marta o'qildi

Sotishga tayyorlash.

Avtomototransport savdo zaliga qo‘yilgunigacha savdo oldi tayyorgarligidan o‘tishi kerak.

Bunday tayyorgarlik sotuvchi yoki sotuvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida bunday talabni bajaruvchi korxona amalga oshiradi. Servis daftarida yoki o‘rnini bosuvchi hujjatda tayyorgarlik to‘g‘risida belgi qo‘yadi. Hujjatda belgi qayd etmasdan avtomototransportni sotish mumkin emas.

Sotuvchi xaridorga avtomototransportni sotishdan oldin tayyorlashga doir bajarilgan ishlar sifati, butlanganligini tekshirish, kafolat majburiyatlari bilan tanishishni ta’minlaydi.

Chet elda ishlab chiqarilgan avtomototransportdan foydalanishga doir qo‘llanma davlat tiliga qo‘shimcha haq undirilmasdan tarjima qilinadi.

Tanlashda malakali yordam ko‘rsatish va qo‘shimcha xizmatlar taqdim etish.

Sotuvchi avtomototransportni tanlashda malakali yordam berilishini ta’minlashi, xaridorni sotuvda bo‘lgan rusumlar va modellar bilan tanishtirishi kerak.

Avtomototransport savdo zalida yoki namoyish uchun qulay bo‘lgan boshqa joylarda, xaridor uni erkin ko‘rib chiqadigan qilib joylashtirilishi kerak.

Sotuvchi qo‘shimcha tovarlar sotilishini tashkil etishi va qo‘shimcha haq to‘lash evaziga xaridorga kompleks xizmatlar (avtomobilga qo‘shimcha aksessuarlar, qurilmalar va mexanizmlar o‘rnatish, avtomobillarni saqlash, yonilg‘i quyish va boshqalar) ko‘rsatishi mumkin.

Sotib olinganda xaridorga beriladigan hujjatlar.

Sotilgan avtomototransport uchun sotuvchi xaridorga quyidagilarni berishi kerak:

  • servis daftarchasi;
  • foydalanish bo‘yicha amaliy qo‘llanma;
  • pul olinganligini tasdiqlovchi tovar (kassa) cheki yoki boshqa hujjat;
  • avtomototransport kompleksiga kiruvchi anjomlar to‘plami, agar to‘plam ishlab chiqaruvchi tomonidan nazarda tutilgan bo‘lsa;
  • Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ma’lumotnoma-schyot.

Nomerli agregat (dvigatelь, shasse, kuzov, rama) sotilganda xaridorga quyidagilar beriladi:

  • ishlab chiqaruvchi nazarda tutgan texnik hujjat (bayoni);
  • tovar (kassa) cheki yoki pul olinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
  • Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ma’lumotnoma-schyot.

Ichki ishlar vazirligi avtomototransport sotuvchi korxonani himoyalanganlik darajasiga ega bo‘lgan ma’lumotnoma-schyot blankalari bilan ta’minlaydi va sarflanishini nazorat qiladi.

Rad etish, kafolat muddati.

Haqi to‘langan avtomototransportni olishni xaridor rad etganda to‘langan summa qaytariladi.

Avtomototransportga ishlab chiqaruvchining kafolatnomasi normativ-texnik hujjatlarda belgilangan muddat davomida yoki muayyan kilometr yurilishi mobaynida amal qiladi.

Kafolat muddati avtomototransport xaridorga sotilgan kundan boshlanadi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish tartibi.

Kafolat muddati davrida sotilgan avtomototransportda sotuvchi qayd etmagan kamchiliklar va ishlab chiqarishdagi yashirin nuqson aniqlanganda xaridor tanlovi bo‘yicha quyidagilardan biri amalga oshiriladi:

  • o‘xshash rusumdagi yangi avtomototransport bilan almashtiriladi;
  • xarid narxi qayta hisob-kitob qilingan holda boshqa rusumdagi avtomototransport bilan almashtiriladi;
  • kamchiliklar tekin bartaraf etiladi;
  • kamchiliklarni bartaraf etish xarajatlari to‘lanadi;
  • xarid narxi tegishlicha kamaytirilishi kerak (avtomobillar bundan mustasno).

Kafolat muddatida avtomobilni almashtirish, kuzov yoki kamida 2 ta agregatni almashtirish zarur bo‘lganda, ekspert komissiyasi qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.

Xaridor zararlar to‘langan holda oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishga haqlidir (avtomobillar bundan mustasno). Ko‘rsatib o‘tilgan talablar avtomototransport sotuvchisiga qo‘yiladi.

Sotuvchi aniqlangan kamchiliklarni tekin bartaraf etish yoki bartaraf etish bo‘yicha o‘z xarajatlarini qoplash, boshqa avtomototransport vositasiga almashtirish to‘g‘risidagi talabni avtomototransport egasi yoki tovarni ishlab chiqaruvchiga berilishi mumkin.

Sotuvchi, tayyorlovchi avtomototransport egasi shaxsiy arizasini ro‘yxatdan o‘tkazgan kun talablar qo‘yilgan muddat boshlanadigan kun hisoblanadi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish muddatlari.

Avtomototransportda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish quyidagi (respublika tashqarisidan keltiriladigan zarur ehtiyot qismlar mavjud bo‘lmaganda, ularni keltirish talab qilinadigan vaqtni hisobga olmasdan, biroq 3 oydan ortiq bo‘lmagan) muddatlarda amalga oshiriladi:

  • ko‘pi bilan 10 kun — avtomototransport egasi kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli talab bergandan boshlab ishlab chiqaruvchi (uning funktsiyalarini bajaruvchi korxona) tomonidan;
  • ko‘pi bilan 20 kun kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida avtomototransport egasi tegishli talab bergandan boshlab savdo korxonasi (uning funktsiyalarini bajaruvchi korxona) tomonidan.

Kafolat muddati uzaytirish.

Avtomototransportdagi kamchiliklar bartaraf etilganda ishlab chiqaruvchi zavod belgilagan kafolat muddati transportdan foydalanilmagan vaqtga uzaytiriladi.

Ko‘rsatib o‘tilgan vaqt avtomototransport egasining kamchiliklarni bartaraf etish haqida talab qilgan kundan boshlab hisoblanadi va avtomototransport tuzatilgandan paytdan boshlab tamom bo‘ladi.

Nuqsonli avtomototransportni almashtirish.

Nuqsonli avtomototransportni sotuvchi, ishlab chiqaruvchi almashtirishni 7 kunda, sifatni qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganda esa avtomototransport egasi talab bergan kundan boshlab 20 kunda amalga oshiradi.

Avtomobilni almashtirish muddati ekspert komissiyasi qarori qabul qilingan sanadan boshlab hisoblanadi.

Shunga o‘xshash avtomototransport bo‘lmaganda xaridorning almashtirish to‘g‘risidagi da’vo berilgan paytdan 1 oyda qondirilishi kerak.

Avtomototransportni almashtirishda kafolat muddati avtomototransport xaridorga berilgan kundan boshlab hisoblanadi.

Kelishmovchilikni hal qilish tartibi.

Kamchilik paydo bo‘lish masalasida kelishmovchilik bo‘lganda sotuvchi, ishlab chiqaruvchi avtomototransport egasi murojaat qilgan joy bo‘yicha ekspert komissiyasi tashkil etadi.

Komissiya tarkibiga tayyorlovchi, sotuvchi vakili va avtomototransport egasi xohishi bo‘yicha iste’molchilar jamoatchilik tashkiloti vakili yoki boshqa shaxs kiradi. Avtomototransport egasi ekspertiza o‘tkazilishida qatnashish huquqiga ega.

Komissiya kamchilik (nosozlik):

  • avtomototransportdan foydalanish bo‘yicha zavod yo‘riqnomasi talablariga rioya etilmaganda, shu jumladan yo‘riqnomada ko‘rsatilgan foydalanish materiallarini qo‘llash talablarga rioya etilmaganda;
  • avtomototransport avariya natijasida shikastlanishi, avariya avtomototransportning texnik nosozligi natijasida yuz bermasa;
  • uzellar va agregatlarni avtomototransport egasi avtomototransportni kafolatli tuzatish punktiga yoki zavod vakiliga joyida ko‘rsatmasdan qismlarga ajratsa yoki tuzatsa;
  • avtomototransport egasi avtomototransport konstruktsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishi, konstruktsiyasi avtomototransportni tayyorlovchi zavod bilan kelishilgan qo‘l bilan boshqarish detallari namunaviy komplektlarini mustaqil o‘rnatishdan tashqari;
  • avtomototransport egasi o‘z tashabbusi bilan yoki o‘z kuchi bilan standart uzellar va detallarni qismlarga ajratilishi va normativ-texnik hujjatlarda nazarda tutilmagan boshqa uzellar va detallar montaj qilishi;
  • ishlab chiqaruvchi zavodning roziligisiz avtomototransportdan poygalarda yoki musobaqalarda foydalanish natijasida;
  • nosozlik avtomototransport egasining ehtiyotsizligi (sovuqqonligi), nuqsonlar kelib chiqishining oldini olish uchun zarur xatti-harakatlar ko‘rmaganligi oqibatida kelib chiqqan deyish uchun etarlicha asos bo‘lganda avtomototransport egasining talabini ko‘rib chiqmasligi mumkin.

Mazkur bandda sanab o‘tilgan sabablar tufayli paydo bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.

Zararni qoplash.

Avtomototransportni tuzatish, narxini pasaytirish, almashtirish uchun keltirish va ularni xaridorga qaytarishni sotuvchi, ishlab chiqaruvchi tekin amalga oshiradi.

Ushbu majburiyatlar bajarilmaganda sotuvchi, ishlab chiqaruvchi tovarni keltirish va qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni avtomototransport egasiga to‘lashga majbur.

Ekspertiza o‘tkazish, avtomototransportni tuzatish, narxini pasaytirish, almashtirish uchun keltirish va qaytarish bilan bog‘liq xarajatni, agar kamchilik avtomototransport egasining aybi tufayli yoki engib bo‘lmaydigan kuch oqibatida kelib chiqqanligi isbot qilinmasa, sotuvchi, ishlab chiqaruvchi to‘laydi.

Xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklarni bartaraf etish.

Muddat o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun sotuvchi, ishlab chiqaruvchi avtomototransport egasiga avtomototransport qiymatining 1% miqdorida neustoyka to‘laydi.

Nosoz avtomototransport vositasi ana shunday rusumdagi avtomototransportga, biroq o‘zgartirilgan narx bilan almashtirilganda qiymati qayta hisoblanmaydi.

Boshqa modelga almashtirishda - narx oshganda - qiymatni qayta hisoblash almashtirish kunida amalda bo‘lgan narxdan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Nosoz avtomototransport qaytarilganda va shu munosabat bilan oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinganda avtomototransport egasi bilan hisob-kitob quyidagi tartibda:

  • narx oshganda — talab qo‘yilgan kunda ushbu transportning qiymatidan kelib chiqib;
  • narx pasayganda — xarid kunidagi qiymatdan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Avtotransport vositasini sotib olish, olib kirish va rasmiylashtirish tartibi bilan havolada tanishing.

Chat