Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 28592 marta o'qildi

Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha bir oylik daromad hajmini aniqlash

  • Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha daromad bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilingan oydan oldingi oygacha bo‘lgan oxirgi uch oyi uchun hisoblab chiqilgan barcha oila a’zolarining daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila a’zolari soniga va uchga bo‘lish orqali aniqlanadi.
  • Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun oila tarkibiga fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida nikohi qayd etilgan er-xotin (yoki ularning biri) va ular bilan birga yashaydigan va ularning qaramog‘ida bo‘lgan bolalar (shu jumladan, vasiylikka (homiylikka) olingan bolalar), shuningdek, ota-onalari bilan birga yashaydigan va o‘z oilasiga ega bo‘lmagan 18 yoshdan katta bolalar (shu jumladan, vasiylikka (homiylikka) olingan bolalar), yolg‘iz onalar (otalar) kiritiladi.
  • Bunda to‘liq davlat ta’minotidagi bolalar, tarbiyalash uchun oilaga qabul qilingan (patronat tartibida) bolalar, ota-onalik huquqidan mahrum etilgan shuningdek, sud qaroriga asosan bedarak yo‘qolgan deb topilgan shaxslar oila tarkibiga kiritilmaydi.

Bir oylik o‘rtacha jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga oila tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi
  1. mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar;
  2. mulkiy daromadlar;
  3. olingan alimentlar. Bunda, fuqaro tomonidan to‘langan alimentlar summasi oilaning jami daromadidan chiqarib tashlanadi;
  4. yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga hisoblanadigan normativ daromadlar;
  5. pul tushumlari, shu jumladan, chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolari va boshqalardan olingan pul o‘tkazmalari summasi. Bunda xorijiy valyutada olingan pul o‘tkazmalari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining «Yagona reestr» AT tomonidan elektron ma’lumot olingan kundagi belgilangan kursi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida hisobga olinadi;
  6. Ariza beruvchi va oila a’zosining har bir korxona ustav fondidagi ulushi, biroq mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan bir oylik o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.
  7. qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashganlik uchun shaxsga to‘langan mehnat haqi;
  8. tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shu jumladan, shtamplar va muhrlar olish, elektron raqamli imzo olish, tadbirkorlikka o‘qish xarajatlarini to‘lash va kreditni olish chog‘ida sug‘urta polisi haqini to‘lash hamda engil konstruktsiyali issiqxonalar qurish, urug‘liklar, ko‘chatlar, sug‘orish vositalari olish uchun mehnat organlari tomonidan ajratilgan subsidiyalarni olgan jismoniy shaxslarga hisoblanadigan normativ daromadlar;
  9. pensiyalar va nafaqalar (Nizomda belgilangan tartibda oila olayotgan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam, nogironlik bo‘yicha nafaqa, nogironlik bo‘yicha nafaqa summasi doirasidagi nogironlik pensiyasi (nogironlik pensiya miqdoridan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori chegirib tashlanadi), boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi, 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa, nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar va OIV infektsiyasiga chalingan 18 yoshga bo‘lgan shaxslarga nafaqa, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi orqali beriladigan bola tug‘ilganligi hamda dafn etish marosimi uchun bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa, ta’lim muassasalari tomonidan to‘lanadigan stipendiyalar, mehnat organlari tomonidan ishsiz fuqarolarga tayinlanadigan va to‘lanadigan moddiy yordam, mehnat organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida to‘langan stipendiya bundan mustasno);
  10. tomorqa er va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad;
  11. chorva mollari va parrandalari mavjud bo‘lgan fuqarolarga hisoblanadigan normativ daromadlar;
  12. O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa daromadlar.

Mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar amalda hisoblangan summa bo‘yicha hisobga olinadi (qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar chegirib tashlanguniga qadar).

  • «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida mikrokredit olingan sanadan boshlab oxirgi 12 oy mobaynida oilaviy tadbirkorlikni amalga oshirishdan olingan daromadlar oilaning daromadi tarkibiga kiritilmaydi.

  • Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadni aniqlashda (yakka tartibdagi faoliyat ma’lum muddatga to‘xtatilgan davr bundan mustasno) daromad aniqlanayotgan davrda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan bir oylik summasining o‘n baravari miqdoriga teng bo‘lgan, biroq mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan bir oylik o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.
  • O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning daromadlari miqdorini aniqlashda daromad aniqlanayotgan davrda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravari miqdoriga teng bo‘lgan bir oylik o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.
  • Agar elektron axborot almashinuvi orqali olingan ma’lumotlarda chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyat turini amalga oshiruvchi oila a’zolaridan pul o‘tkazmalari miqdori aniqlanmasa, u holda oilaning bir oylik o‘rtacha jami daromadini aniqlash uchun oilaning chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zosiga daromad aniqlanayotgan davrda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravari miqdoriga teng bo‘lgan bir oylik o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.

Arizachining yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan er maydonida tomorqa maydonini hisoblashda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining axborot tizimidan elektron axborot almashinuvi orqali olingan ma’lumotlar asosida quyidagi formuladan foydalaniladi

TEM = UM — QM — (UM * 20 %), bunda:
TEM — tomorqa er va/yoki dehqon xo‘jaligi maydoni;
UM — ajratilgan erning umumiy maydoni (m2);
QM — qurilishlarning maydoni (m2);
(UM * 20 %) ko‘rsatkichi 200 m2dan oshmagan holda hisob-kitob uchun qabul qilinadi.

  • Tomorqa er va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad miqdori sifatida ushbu bandda belgilangan tomorqa er va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan olinadigan bir oylik daromadning normativ miqdori qabul qilinadi.
  • Tomorqa er va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan olinadigan bir oylik o‘rtacha normativ daromad tomorqa er va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritish uchun foydalanilayotgan sotixlar maydonini jami daromad aniqlanayotgan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,035 baravariga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Ushbu bandda ko‘rsatilgan bir oylik o‘rtacha normativ daromadi oilaning o‘rtacha oylik daromadini aniqlash uchun uch oyga ko‘paytirilgan holda hisob-kitob qilinadi. Bunda:

a) 4 sotixgacha bo‘lgan tomorqa er va/yoki dehqon xo‘jaligi maydonida oilaning mehnatga layoqatli ishsiz bitta a’zosi hamda keyingi har bir 4 sotixgacha maydon uchun qo‘shimcha bittadan oilaning ishsiz a’zosi tomorqa er va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lgan deb hisoblanadi;

b) oila a’zolari tomorqa er va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lgan deb quyidagi ketma-ketlik bo‘yicha hisoblanadi:

  1. birinchi navbatda, mehnatga layoqatli ishsiz bo‘lgan, bola parvarishi va o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lgan oila a’zosining parvarishi bilan band bo‘lmagan, jazoni ijro etish joylarida jazoni o‘tamayotgan, chet elda ishlamaydigan yoki tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshirmayotgan oila a’zosiga;
  2. oilaning voyaga etgan, ta’lim muassasasida tahsil olmayotgan, jazoni ijro etish joylarida jazoni o‘tamayotgan yoki chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tamayotgan, o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lgan oila a’zosining parvarishi bilan band bo‘lmagan, chet elda ishlamaydigan yoki tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshirmayotgan, o‘z oilasiga ega bo‘lmagan mehnatga layoqatli ishsiz farzandiga, shuningdek, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan shaxsga (bir nechta farzandi bo‘lganda — yosh ketma-ketligi bo‘yicha);
  3. ta’lim muassasasida tahsil olmayotgan, jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tamayotgan yoki chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tamayotgan, o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lgan oila a’zosining parvarishi bilan band bo‘lmagan, chet elda ishlamaydigan yoki tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshirmayotgan mehnatga layoqatli ishsiz otasiga.


  • Chorva mollari va parrandalari mavjud bo‘lgan fuqarolarning bir oylik o‘rtacha normativ daromadini hisoblash:
  1. chorva mollari va parrandalarning soni shartli bosh qoramol soniga Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 689-son qarori bilan tasdiqlangan Yaylovlarda chorva mollarini o‘tlatishda eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan foydalanish normalarini belgilash, yaylovlar almashinishini ta’minlash va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 5-ilovada keltirilgan Chorva mollarini va parrandalarni shartli boshga o‘girish koeffitsientiga asosan o‘tkaziladi;
  2. har bir shartli bosh qoramol sonini daromad aniqlanayotgan davrda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,5 baravariga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblab chiqariladi.
  3. Ushbu bandda ko‘rsatilgan bir oylik o‘rtacha normativ daromad oilaning o‘rtacha oylik daromadini aniqlash uchun uch oyga ko‘paytirilgan holda hisob-kitob qilinadi.

Ariza beruvchi oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromad miqdori quyidagi formula asosida aniqlanadi
  • BOO‘D — (MHTD+MD+OA-TA+IN+JIMH+SND+YaTTND+PO‘+PN+ TD+ChM+BD)/OAS/3, bunda:
  • BOO‘D — oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromad;
  • MHTD — mehnatga haq to‘lash shaklidagi uch oylik daromadlar (Nizomning 21-bandida belgilangan davrda);
  • MD — uch oylik mulkiy daromadlar (Nizomning 21-bandida belgilangan davrda);
  • OA — oila a’zolari tomonidan olingan uch oylik alimentlar;
  • TA — oila a’zolari tomonidan to‘langan uch oylik alimentlar;
  • TU — tashkilot ta’sischisiga qo‘llaniladigan normativ daromad;
  • IN — mehnat organlari tomonidan ishsiz fuqarolarga to‘langan uch oylik ishsizlik nafaqasi (Nizomning 21-bandida belgilangan davrda);
  • JIMH — qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashganlik uchun shaxsga to‘langan uch oylik mehnat haqi (Nizomning 21-bandida belgilangan davrda);
  • SND — fuqaro bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash hamda boshqa maqsadlar uchun mehnat organlari tomonidan ajratilgan subsidiyalar va grantlar uchun hisoblanadigan o‘rtacha uch oylik normativ daromad;
  • YaTTND — yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun hisoblanadigan o‘rtacha uch oylik normativ daromadlar;
  • PO‘ — pul o‘tkazmalari, shu jumladan, chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolaridan uch oylik pul o‘tkazmalari summasi (Nizomning 21-bandida belgilangan davrda) yoki ularga hisoblanadigan uch oylik o‘rtacha normativ daromadlar;
  • PN — pensiya va nafaqalar ko‘rinishidagi uch oylik (Nizomning 21-bandida belgilangan davrda) daromadlar;
  • TD — tomorqa er va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan (mazkur Nizomning 21-bandida belgilangan davrda) hisoblanadigan uch oylik o‘rtacha normativ daromadlar;
  • ChM — chorva mollari va parrandalari mavjud bo‘lgan fuqarolarga hisoblanadigan uch oylik o‘rtacha normativ daromad;
  • BD — oila a’zolarining uch oylik boshqa daromadlari;
  • OAS — oila a’zolari soni.


Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadni hisoblab chiqishning misoli:

  1. 5 kishidan iborat oilaning a’zosi moddiy yordam uchun 2020-yil dekabrь oyida murojaat etgan. Uning daromadlari avgust — oktyabrь oylari uchun hisoblanadi. Oila a’zolarining barcha daromadlari yig‘indisi (normativ daromadlarni hisobga olgan holda) 5 250 000 so‘mni tashkil etadi.
  2. Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadi quyidagini tashkil etadi: 5 250 000 so‘m / 5 kishi / 3 oy — 350 000 so‘m.

  • Kam ta’minlangan oilalarga beriladigan nafaqalar va moddiy yordam (3 yoshgacha va 18 yoshgacha bola nafaqasi)
  • Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etish asoslari
  • Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni to‘lash va to‘xtatish
Chat