Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 23009 marta o'qildi

Ishsizlar — 16 yoshdan to pensiya bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tay yorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan mehnatga layoqatli shaxslar.

  • Ishsiz deb e’tirof etish uchun shaxs mahalliy mehnat organlarida ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lishi lozim.
  • Mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab 10 kun ichida o‘zlariga taklif qilingan maqbul keladigan ishni 2-marta rad etgan shaxslar ish qidirayotgan deb e’tirof etilmaydi va taklif qilingan ishni rad etgan paytdan boshlab 30 kalendarь kun o‘tgandan keyingina ishsiz sifatida takroran ro‘yxatga olinish huquqiga egadir.

Ish qidirayotgan shaxslarni hisobdan chiqarish

Ish qidirayotgan shaxs mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida quyidagi hollarda hisobdan chiqarilishi mumkin:

  1. ishga joylashganda;
  2. Qonunda nazarda tutilgan subsidiyalar olganda;
  3. O‘zbekiston Respublikasining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mikrokreditlar olinganda;
  4. kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilganda;
  5. o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinganda;
  6. doimiy yashash uchun boshqa joyga ko‘chib o‘tganda;
  7. mahalliy mehnat organiga uzrli sababsiz kelmaganda;
  8. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirganda;
  9. ish qidirayotgan shaxs maqbul keladigan ishga doir takliflarni muntazam ravishda (ikki martadan ko‘p) rad etganda;
  10. ish qidirayotgan shaxs sifatida g‘ayriqonuniy ro‘yxatdan o‘tish fakti aniqlanganda;
  11. sudning ozodlikdan mahrum etish yoki axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;
  12. muddatli harbiy xizmatga chaqirilganda;
  13. ish qidirayotgan shaxsni ishga joylashtirish bo‘yicha ish olib borish imkonini bermaydigan boshqa holatlar yuzaga kelganda;
  14. ish qidirayotgan shaxs vafot etganda.

Shaxsni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi qaror mahalliy mehnat organining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi, ushbu buyruq bir vaqtning o‘zida ishsizlik nafaqasi tayinlash to‘g‘risidagi buyruq hisoblanadi. Buyruqda ishsizlik nafaqasining miqdori va uni hisoblash sanasi ko‘rsatiladi.

Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etishni rad qilish uchun asoslar

Quyidagilar ishsiz deb e’tirof etilmaydi:

  1. taklif etilgan maqbul keladigan ishni ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida uzrli sababsiz ikki marta rad etgan shaxslar;
  2. mahalliy mehnat organiga yoki ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektorga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga biriktirilgan mahalliy mehnat organi xodimi huzuriga maqbul keladigan ish yuzasidan taklif olish uchun ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida uzrli sababsiz kelmagan shaxslar;
  3. ta’lim muassasalarida va tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralgan holda tahsil olayotgan shaxslar, bundan ta’limning sirtqi shaklida tahsil olayotganlar mustasno;
  4. qonunchilikka muvofiq pensiya ta’minoti huquqiga ega bo‘lgan shaxslar (pensiya turidan qat’i nazar);
  5. bola ikki yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilayotgan, ishlamayotgan ayollar;
  6. ishini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan, lekin mahalliy mehnat organlarida ro‘yxatdan o‘tish paytida, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlarda ishlovchi yoki ularning shtatida hisobda turuvchi shaxslar;
  7. sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish yoki axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazoga hukm qilinganlar;
  8. fermer xo‘jaliklarining rahbarlari va xodimlari, oilaviy korxonalarning ishtirokchilari, dehqon xo‘jaliklarining rahbarlari va a’zolari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar;
  9. o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar.

Chat