Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 9600 marta o'qildi

Da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi.

Sud ajrimida ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘rtasida sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi, davlat bojini byudjetdan qaytarish haqidagi masalalar hal qilinishi mumkin.

Ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.

Da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

Sud quyidagi hollarda da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldiradi:
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha sud, iqtisodiy sud, hakamlik sudi ish yurituvida ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan ish mavjud bo‘lsa;
  • ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ushbu nizoni hakamlik sudiga ko‘rish uchun topshirish to‘g‘risidagi kelishuvi mavjud bo‘lib, hakamlik sudiga murojaat qilish imkoniyati boy berilmagan bo‘lsa va agar ishning iqtisodiy sudda ko‘rilishiga qarshi bo‘lgan javobgar nizoning mazmuni bo‘yicha o‘zining birinchi arizasidan kechiktirmay nizoni hakamlik sudining hal qiluviga o‘tkazish to‘g‘risida iltimosnoma bersa;
  • da’vo arizasi imzolanmagan bo‘lsa yoki uni imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqei yoki familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lsa;
  • qonunchilikka yoki shartnomaga ko‘ra qarz bank yoki boshqa kredit tashkiloti orqali undirib olinishi kerak bo‘lishiga qaramay, da’vogar javobgardan qarzini undirib olish uchun bankka yoxud boshqa kredit tashkilotiga murojaat etmagan bo‘lsa;
  • da’vogar nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan bo‘lsa, basharti bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki taraflar shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa;
  • da’vogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etmagan bo‘lsa, basharti bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa;
  • mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish haqida iltimosnoma bilan arz qilgan taraflar uni amalga oshirish muddati tugaganidan so‘ng sud majlisiga uzrli sabablarsiz kelmasa;
  • taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilgan bo‘lsa;
  • da’vogar birinchi sud majlisiga kelmagan va ishni o‘zining ishtirokisiz ko‘rilishi to‘g‘risida arz qilmagan bo‘lsa;
  • yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ariza ko‘rilayotganda huquq to‘g‘risida nizo kelib chiqqanligi aniqlansa;
  • da’vogarning manfaatlarini ko‘zlab prokuror, davlat organi va boshqa shaxs tomonidan taqdim etilgan da’vodan da’vogar voz kechgan bo‘lsa;
  • javobgarga nisbatan bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa va javobgarga nisbatan taqdim etilgan talab qonunga ko‘ra bankrotlik to‘g‘risidagi ish doirasida ko‘rilishi lozim bo‘lsa.

Da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar bartaraf etilganidan keyin da’vogar sudga da’vo arizasi bilan umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli.

Chat