Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 65984 marta o'qildi

Elektron hujjat aylanishi tushunchasi

Elektron hujjat aylanishi — elektron hujjatlarni axborot tizimi orqali jo‘natish va qabul qilib olish jarayonlarining yig‘indisi.

Elektron hujjat aylanishidan bitimlar tuzish, hisob-kitoblarni amalga oshirish, rasmiy va norasmiy yozishmalar hamda boshqa axborot almashinuvi uchun foydalanish mumkin.

Ushbu munosabatlar «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi Qonun bilan tartibga solinadi.

Elektron hujjat va uning rekvizitlari

Elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va uni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi boshqa rekvizitlarga ega axborot elektron hujjat hisoblanadi.

Elektron hujjatning majburiy rekvizitlari:

  • elektron raqamli imzo;
  • jo‘natuvchi yuridik shaxsning nomi yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi;
  • jo‘natuvchining pochta va elektron manzili;
  • elektron hujjat yaratilgan sana.

Qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqa rekvizitlar ham belgilanishi mumkin.

Yuridik kuchi va nusxalari

Elektron hujjat qog‘oz hujjatga teng yuridik kuchga ega. Belgilangan tartibda tasdiqlangan bir xil elektron hujjatlarning har biri asl nusxa hisoblanadi.

Elektron hujjatning qog‘ozdagi ko‘chirmasi tayyorlanishi mumkin. Bunday ko‘chirma qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanishi va saqlanishi kerak.

Hujjat faqat elektron shaklda tuzilgani uchun uning yuridik kuchini rad etish mumkin emas.

Yuborish va qabul qilish vaqti

Elektron hujjat jo‘natuvchi yoki uning axborot vositachisi tomonidan axborot tizimi orqali yuborilgan paytdan boshlab jo‘natilgan hisoblanadi.

Hujjat oluvchi ko‘rsatgan axborot tizimiga yoki elektron manzilga kelib tushgan paytdan boshlab qabul qilingan hisoblanadi. Taraflar shartnomada boshqacha tartib belgilashi mumkin.

Elektron hujjatlarni saqlash

Elektron hujjatlarni saqlashda:

  • ulardan erkin foydalanish imkoniyati ta’minlanishi;
  • zarur bo‘lganda qog‘ozdagi ko‘chirmasini taqdim etish imkoni bo‘lishi;
  • hujjatning butligi va o‘zgartirilmaganligi saqlanishi;
  • yuboruvchi, oluvchi va yuborilgan vaqt haqidagi ma’lumotlar saqlanishi kerak.

Elektron hujjatni saqlash muddati xuddi shu maqsaddagi qog‘oz hujjat uchun belgilangan muddatdan kam bo‘lmasligi lozim, qonunchilikda boshqacha qoida belgilangan hollar bundan mustasno.

Chat