Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 1309 marta o'qildi

Quyidagi yakka tartibdagi mehnat nizolari bevosita sudda ko‘rib chiqiladi:

1) agar xodimning ish joyida mehnat nizolari bo‘yicha komissiya tuzilmagan bo‘lsa;
2) mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qat’i nazar, ishga tiklash to‘g‘risidagi, mehnat shartnomasini bekor qilish sanasini va asoslari ta’rifini o‘zgartirish haqidagi, majburiy progul yoki kam haq to‘lanadigan ish bajarilgan vaqt uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi;
3) xodimga mehnatda mayib bo‘lganligi yoki kasb kasalligi tufayli etkazilgan ziyonning o‘rnini yoxud xodimning mol-mulkiga etkazilgan moddiy zararning o‘rnini ish beruvchi tomonidan qoplash haqidagi;
4) ish beruvchi tomonidan xodimga etkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi;
5) ishga qabul qilish rad etilganligi haqidagi;
6) ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda oldindan hal etilgan masalalar yuzasidan;
7) xodimlar va ish beruvchi jismoniy shaxslar o‘rtasida yuzaga keladigan;
8) o‘zini mehnat qilish va mashg‘ulotlar sohasida kamsitilishga uchragan deb hisoblayotgan shaxslarning;
9) xodim tomonidan ish beruvchiga etkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash haqidagi.

Yakka tartibdagi mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun sudga murojaat qilish muddatlari:

Yakka tartibdagi mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun sudga murojaat qilishning quyidagi muddatlari belgilanadi:

  • ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran 3 oy;
  • xodim tomonidan ish beruvchiga etkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — ish beruvchi zarar etkazilganligini aniqlagan kundan e’tiboran 1 yil;
  • boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran 6 oy.

Xodimning hayotiga va sog‘lig‘iga etkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha, shuningdek xodimga etkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar bo‘yicha sudga murojaat etish muddati belgilanmaydi.

Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sudga murojaat etish muddatining o‘tishi yakka tartibdagi mehnat nizosini mediatsiya tartibida ko‘rib chiqish davrida to‘xtatib turiladi.

Mehnat shartnomasi qonuniy asossiz bekor qilingan, g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan, mehnat shartlari o‘zgartirilgan yoxud ishdan chetlashtirilgan hollarda yakka tartibdagi mehnat nizosini ko‘rib chiquvchi organ xodimni avvalgi ishiga tiklaydi, shuningdek avvalgi mehnat shartlarini tiklaydi.

Xodimlar yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha sudga murojaat etganda sud xarajatlaridan ozod qilinadi.

Chat