O‘zbekistonda migratsiya xizmatlari uchun masofadan elektron rozilik berish tizimi ishga tushiriladi. Ichki ishlar vazirligi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan migratsiya va personallashtirish sohasida boshqa shaxsning roziligi talab qilinadigan davlat xizmatlari uchun E-Rozilik platformasini ishga tushirish taklif qilinmoqda.
Yangi tizim orqali fuqaroning shaxsi Pasport-viza axborot tizimidagi Face-ID yoki MyID xizmatlari yordamida masofadan tasdiqlanadi. Platformaning bir qismi Pasport-viza avtomatlashtirilgan axborot tizimi tarkibida, ikkinchi qismi esa Passport-visa mobil ilovasida alohida modul sifatida ishlaydi.
Unda rasmiylashtirilgan elektron rozilik O‘zbekiston hududida qog‘oz shaklidagi rozilik bilan tenglashtiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar platforma orqali quyidagi davlat xizmatlari uchun bir martalik elektron rozilikni rasmiylashtirib olishlari mumkin bo‘ladi:
Elektron rozilikni Passport-visa mobil ilovasi orqali rasmiylashtirish uchun BHMning 50% (206 ming so‘m), migratsiya bo‘limiga shaxsan murojaat qilganda esa BHMning 30% (123 600 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
To‘langan yig‘imning asosiy qismi IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga, qolgan qismi esa davlat budjetiga yo‘naltiriladi.
Xizmatdan foydalanishda rozilik beruvchi E-Rozilik platformasida ro‘yxatdan o‘tib, elektron talabnomani to‘ldiradi. Shaxs Face-ID orqali tasdiqlangach, tizim elektron rozilikni avtomatik shakllantiradi. Rozilik oluvchi bu haqda mobil ilovadagi shaxsiy kabinet yoki SMS orqali xabardor qilinadi.
Elektron rozilik 1 oygacha amal qiladi. Davlat xizmatlari ko‘rsatilayotganda uning mavjudligi axborot tizimi orqali avtomatik tekshiriladi. Rozilik beruvchi davlat xizmati ko‘rsatilguniga qadar istalgan vaqtda elektron rozilikni bekor qilishi mumkin, biroq buning uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, IIV platformani ishlab chiqish, joriy etish va uzluksiz ishlashini ta’minlash, Adliya vazirligi esa Vakolat.uz platformasi bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yishi belgilangan. Loyiha bo‘yicha muhokamalar 5-avgustga qadar davom etadi.