Sayt test rejimida ishlamoqda

Huquqiy axborot - hammaga, har doim, hamma joyda!

  • 23 marta o'qildi

«Saxovat» internat uylari O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, Oila kodeksiga muvofiq ularni parvarish qilishi shart bo‘lgan qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bo‘lmagan yolg‘iz keksalar hamda 18 yoshidan boshlab I va II guruhlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat tibbiy-ijtimoiy muassasalari hisoblanadi.

Qabul qilish bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lgan taqdirda «Saxovat» internat uylariga:

  •  O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan ularni parvarish qilishi shart bo‘lgan qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bo‘lmagan yolg‘iz keksalar;
  • 18 yoshidan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi.

«Saxovat» internat uylariga yo‘llanmalar berilmaydigan xolatlar

Quyidagilarga «Saxovat» internat uylariga yo‘llanmalar berilmaydi:

  • tez-tez, har oyda 5-martadan ko‘p tutqanoq sodir bo‘ladigan epilepsiya, muntazam tutqanoqlarga, epileptik maqomga, kun oxiriga borib bo‘shashuvchanlikka, disforiyalarga moyillik borlar;
  • bemorning o‘zi va atrofidagilar uchun xavfli bo‘lgan moyillikning qo‘pol buzilishlari va axloqiy dag‘allik bilan birga kechadigan ruhiy kasalliklar.

«Saxovat» internat uylariga qabul qilishga to‘sqinlik qiluvchi xolatlar

Quyidagilar «Saxovat» internat uylariga qabul qilishga qarshi umumiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi:

  • jarayonning faol bosqichidagi sil kasalligi;
  • yuqumli teri va soch kasalliklari;
  • o‘tkir yuqumli kasalliklar;
  • salbiy jarayondagi, yomon holatda o‘tadigan shish kasalliklari va retsidivlari;
  • tanosil kasalliklari.

 «Saxovat» internat uylariga qabul qilish chog‘ida yuqori harorat yoki noaniq etiologiyali toshma aniqlangan shaxslar sog‘liqni saqlash muassasalariga yuboriladi.

«Saxovat» internat uylariga rasmiylashtirish uchun talab etiladigan hujjatlar

«Saxovat» internat uylariga rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  •  «Saxovat» internat uyiga rasmiylashtirilayotgan yolg‘iz keksaning hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsning arizasi;
  • pasport nusxasi;
  • sog‘liqning holati to‘g‘risidagi tibbiy hujjatlar;
  • yolg‘iz shaxs sifatida hisobga olish to‘g‘risidagi qaror nusxasi;
  • pensioner guvohnomasining nusxasi;
  • 2 ta (6 sm x 4 sm hajmli) fotosurat.

«Saxovat» internat uyiga rasmiylashtirilayotganning nogironligi aniqlangan taqdirda tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tomonidan berilgan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomaning nusxasi ham taqdim etiladi.

«Saxovat» internat uylariga yuborish, shuningdek bittasidan ikkinchisiga o‘tkazish Tibbiy ijtimoiy xizmatlar agentligi Maxsus komissiyasi qaroriga muvoqif tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘limlari boshlig‘ining belgilangan tartibda qabul qilingan buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

«Saxovat» internat uylari faoliyatini muvofiqlashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahri Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1003" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Chat