Bilim va malakalarni baholash agentligi milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish tartibi bo‘yicha izoh berdi.
Yangi qoida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan kiritilgan. Unga ko‘ra, imtihon o‘tkaziladigan joy, sana va har bir hudud uchun ajratiladigan o‘tirish o‘rinlari soni Agentlik tomonidan belgilanadi hamda rasmiy veb-sayt va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali e’lon qilinadi.
Talabgorlar my.gov.uz orqali aynan tanlangan hudud uchun ajratilgan o‘rinlar soni doirasida ro‘yxatga olinadi.
Demak, muayyan viloyat yoki shahar uchun belgilangan barcha o‘rinlar band bo‘lsa, ariza topshirishning umumiy muddati hali tugamagan bo‘lsa ham o‘sha hudud bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish to‘xtaydi.
2026-yilning sentabr–dekabr oylarida umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari uchun jami 496 303 ta o‘rin ajratilgan. Shundan sentabrda — 125 753 ta, oktabrda — 129 535 ta, noyabrda — 112 335 ta, dekabrda — 128 680 ta o‘rin ko‘zda tutilgan.
Mazkur davrda matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan ikki martadan, huquqshunoslik fanidan esa bir marta imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jami 15 ta imtihon tashkil etiladi.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida 11 ta milliy sertifikat imtihoni o‘tkazilgan va ularda 255 217 nafar talabgor qatnashgan.
Agentlikka ko‘ra, hududlar bo‘yicha limitlar talabgorlarni cheklash uchun emas, balki imtihonlarni mavjud binolar, texnik vositalar, xodimlar va nazorat imkoniyatlaridan kelib chiqib sifatli tashkil etish uchun joriy etilgan.
Tavsiya: milliy sertifikat imtihonida qatnashmoqchi bo‘lganlar ro‘yxatdan o‘tishni oxirgi kunga qoldirmagani ma’qul. Tanlangan hududdagi o‘rinlar muddatdan oldin tugashi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son “Milliy sertifikat berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.