Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10640 marta o'qildi

Vasiyat

Vasiyatnomaga oid umumiy qoidalar

Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.

Vasiyat qiluvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli.

Meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida o‘ziga tegishli bo‘lmagan mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli bo‘lib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi.

Shartli vasiyatnoma

Vasiyat qiluvchi merosning olinishi uchun merosxo‘r xulq-atvorining xususiyatini qonuniy ravishda shart qilib qo‘yishga haqli.

Merosxo‘rni tayinlash yoki vorislik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi farmoyishga kiritilgan g‘ayriqonuniy shartlar haqiqiy bo‘lmaydi.

Vasiyatnomaga kiritilgan bo‘lib, merosxo‘r o‘z salomatligining ahvoliga ko‘ra yoki boshqa ob’ektiv sabablar tufayli bajara olmaydigan shartlar merosxo‘rning da’vosi bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Vasiyatnomaning yozma shakli

Vasiyatnoma yozilgan joyi va vaqti ko‘rsatilgan holda yozma shaklda tuzilishi lozim.

Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanishi lozim.

Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius yoki qonunga muvofiq vasiyatnomani tasdiqlaydigan boshqa shaxs hozir bo‘lganida vasiyat qiluvchi o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligining sabablari ko‘rsatilgan holda vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qo‘yishi mumkin.

Quyidagilar vasiyat qiluvchining o‘rniga vasiyatnomani imzolashi mumkin emas:
  • notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs;
  • vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs, uning eri (xotini), bolalari, ota-onasi, nevaralari va chevaralari, shuningdek vasiyat qiluvchining qonun bo‘yicha merosxo‘rlari;
  • to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmagan fuqarolar;
  • savodsizlar va vasiyatnomani o‘qiy olmaydigan boshqa shaxslar;
  • yolg‘on guvohlik berganlik uchun muqaddam sudlangan shaxslar.

Quyidagi vasiyatnomalar yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi:

  • notarial tasdiqlangan vasiyatnomalar

    Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yozilgan yoki uning so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan bo‘lishi lozim.

    Vasiyat qiluvchining so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan vasiyatnomani imzolashdan oldin vasiyat qiluvchi uning matnini notarius oldida to‘liq o‘qib chiqishi lozim.

    Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmasa, vasiyatnomaning matni vasiyat qiluvchiga notarius tomonidan o‘qib eshittiriladi, bu haqda vasiyatnomada tegishlicha qayd etilib, vasiyat qiluvchi vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmaganligining sabablari ko‘rsatiladi.

    Vasiyat qiluvchining xohishiga ko‘ra vasiyatnoma notarius tomonidan uning mazmuni bilan tanishib chiqilmasdan (maxfiy vasiyatnoma) tasdiqlanadi.

  • notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar
    • kasalxonalar, gospitallar, boshqa statsionar davolash muassasalarida davolanayotgan yoki qariyalar va nogironlar uylarida yashab turgan fuqarolarning ana shu kasalxonalar, gospitallar va boshqa davolash muassasalarining bosh vrachlari, ularning davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari yoki navbatchi vrachlari, shuningdek gospitallarning boshliqlari, qariyalar va nogironlar uylarining direktorlari yoki bosh vrachlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
    • fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ostidagi kemalarda suzib yurgan vaqtidagi ana shu kemalarning kapitanlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
    • qidiruv ekspeditsiyalari yoki shu kabi boshqa ekspeditsiyalardagi fuqarolarning ana shu ekspeditsiyalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
    • harbiy xizmatchilarning, notariuslar bo‘lmagan erlarda joylashgan harbiy qismlarda esa, bu qismlarda ishlayotgan harbiy bo‘lmagan fuqarolar, ularning oila a’zolari va harbiy xizmatchilar oila a’zolarining ham harbiy qismlarning komandirlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
    • ozodlikdan mahrum etish joylarida yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
    • notarius bo‘lmagan aholi punktlarida yashayotgan shaxslarning qonunga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari.

Vasiyat qiluvchi istalgan vaqtda o‘z vasiyatnomasini yangi vasiyatnoma tuzish orqali bekor qilishga, o‘zgartirishga yoki to‘ldirishga haqli.

Vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yoki vasiyat qiluvchining yozma farmoyishiga binoan notarius yoxud boshqa mansabdor shaxslar tomonidan uning barcha nusxalarini yo‘q qilib tashlash yo‘li bilan bekor qilinishi mumkin.

Yangi vasiyatnoma tuzish orqali oldin tuzilgan vasiyatnoma to‘laligicha yoki uning keyingi vasiyatnomaga zid bo‘lgan qismi bekor qilinadi.

Vasiyat majburiyati

Vasiyat qiluvchi vasiyat bo‘yicha merosxo‘rning zimmasiga bir yoki bir necha shaxs foydasiga biron-bir majburiyatni meros hisobidan bajarishni yuklashga haqli bo‘lib, vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar vasiyat majburiyati bajarilishini talab qilish huquqini oladilar.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga meros tarkibiga kiradigan ashyoni mulk qilib yoki boshqa ashyoviy huquq qilib berish, meros tarkibiga kirmaydigan mol-mulkni uning uchun sotib olish va unga berish, uning uchun muayyan ishni bajarish, unga muayyan xizmatlar ko‘rsatish va hokazolar vasiyat majburiyati narsasi bo‘lishi mumkin.

Vasiyat qiluvchi tomonidan zimmasiga vasiyat majburiyatini bajarish vazifasi yuklatilgan merosxo‘r bu vazifani o‘ziga o‘tgan merosning meros qoldiruvchi qarzlarining o‘zi to‘lashi lozim bo‘lgan qismini chegirib tashlagandan keyin qoladigan haqiqiy qiymati doirasidagina bajarishi lozim.

Vasiyat qiluvchi meros sifatida uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni oladigan merosxo‘r zimmasiga turar joyni yoki uning bir qismini boshqa shaxsga umrbod foydalanish uchun berib qo‘yish majburiyatini yuklashga haqli. Turar joyga bo‘lgan mulk huquqi keyinchalik boshqa shaxsga o‘tganida ham umrbod foydalanish huquqi o‘z kuchida qoladi.

Zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxo‘r vafot etgan yoki u merosni qabul qilib olmagan taqdirda, vasiyat majburiyatini bajarish uning ulushini olgan boshqa merosxo‘rlarga yoxud, agar mol-mulk egasiz bo‘lib qolsa, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga o‘tadi.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros qoldiruvchining qarzlari uchun javobgar bo‘lmaydi.

Merosdan majburiy ulush oluvchilar
  • meros qoldiruvchining voyaga etmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari;
  • meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi.

Ushbu shaxslar vasiyatnomaning mazmunidan qat’i nazar, qonun bo‘yicha voris bo‘lganlarida ulardan har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib oladilar.

Majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r biron-bir asos bo‘yicha merosdan oladigan hamma narsa, shu jumladan oddiy uy jihozlari va ro‘zg‘or buyumlaridan iborat mol-mulkning qiymati ham, bunday merosxo‘r foydasiga qilingan vasiyat majburiyatining qiymati ham majburiy ulushga qo‘shiladi.

Mehnatga qobiliyatsiz shaxslar
  • meros ochilgan kunga kelib 55 yoshga kirgan ayollar, 60 yoshga kirgan erkaklar;
  • meros ochilgan kunga kelib belgilangan tartibda I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.

Chat