Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11327 marta o'qildi

Vorislik – shaxsning vafotidan keyin unga xususiy mulk asosda tegishli bo‘lgan mol-mulkning, shuningdek meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ba’zi huquq va majburiyatlarning merosxo‘rlarga o‘tishidir.

Vorislik asoslari
  • vasiyat bo‘yicha vorislik;
  • qonun bo‘yicha vorislik.

Qonun bo‘yicha vorislik vasiyat mavjud bo‘lmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa amalga oshiriladi.

Meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibi
  • ashyolar, shu jumladan, pul va qimmati qog‘ozlar;
  • mulkiy huquqlar, intellektual mulk ob’ektlariga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquqlar;
  • mulkiy majburiyatlar, shu jumladan qarzlar (merosxo‘rlarga qoldirilayotgan meros qiymati doirasida).

Meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan huquq va majburiyatlar
  • yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan bo‘lmasa;
  • hayotga yoki sog‘liqqa etkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi;
  • aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar;
  • mehnat va ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi;
  • mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmaydi.

Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin.

Merosning ochilishi vaqti
  • Meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi.
  • Meros qoldiruvchining o‘lgan kuni u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida boshqa muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt deb hisoblanadi.
  • Agar biridan keyin boshqasi meros olishga haqli bo‘lgan shaxslar bir kalendarь sutka (yigirma to‘rt soat) ichida vafot etgan bo‘lsalar, ular bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadilar, meros ularning har biridan keyin ochiladi va ulardan har birining merosxo‘rlari vorislikka chaqiriladilar.

Merosning ochilish joyi
  • meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi;
  • agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk bo‘lmagan taqdirda esa, ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy.

 

Merosxo‘rlar
  • Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.
  • Meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.

Noloyiq merosxo‘rlarni merosdan chetlatish
  • Noloyiq merosxo‘rlar – meros qoldiruvchini yoki ehtimol tutilgan merosxo‘rlardan birortasini qasddan o‘ldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan shaxslar meros olish huquqiga ega emaslar. Vasiyat qiluvchi o‘z hayotiga suiqasd qilinganidan keyin vasiyatnoma bergan shaxslar bundan mustasno.
  • Meros qoldiruvchi o‘zining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishiga qasddan to‘sqinlik qilgan va shu orqali o‘zlarining yoki o‘zlariga yaqin shaxslarning vorislikka chaqirilishiga yoxud merosning o‘zlariga yoki o‘zlariga yaqin shaxslarga tegishli ulushi ko‘paytirilishiga imkon yaratgan shaxslar meros olish huquqiga ega emaslar.
  • Bolalariga nisbatan ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan va meros ochilgan paytda bu huquqlari tiklanmagan ota-onalar ana shu bolalardan qolgan mulkka voris bo‘lish huquqiga ega emaslar, shuningdek meros qoldiruvchiga ta’minlab turish yuzasidan qonunga ko‘ra zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlagan ota-onalar va voyaga etgan bolalar qonun bo‘yicha vorislik qilish huquqiga ega emaslar.
  • Noloyiq merosxo‘rlarni vorislikdan chetlatish uchun asos bo‘ladigan holatlar bunday chetlatish keltirib chiqaradigan vorislik bilan bog‘liq mulkiy oqibatlarga daxldor shaxsning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan belgilanadi.

Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish
  • Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berishi shart.
  • Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi.
  • Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.

Chat