Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22005 marta o'qildi

Qachon shifokorni uyga chaqirish mumkin?

Oilaviy poliklinika biriktirilgan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatadi. Tibbiy xizmat bemorning holatiga qarab poliklinikada yoki uning doimiy yoxud vaqtincha yashash joyida ko‘rsatilishi mumkin.

Agar bemorning sog‘lig‘i poliklinikaga mustaqil borish imkonini bermasa yoki uni uy sharoitida ko‘rikdan o‘tkazish uchun tibbiy ko‘rsatma mavjud bo‘lsa, oilaviy shifokorning uyga kelib ko‘rik o‘tkazishi tashkil etilishi mumkin.

Jumladan, yangi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami modeli amal qilayotgan hududlarda oilaviy shifokor zarur hollarda jismoniy imkoniyati cheklangan, harakatlana olmaydigan yoki boshqa sabablarga ko‘ra uyda tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga ularning yashash joyida kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Shifokorni qanday chaqirish mumkin?

Shifokorni uyga chaqirish uchun bemor yoki uning yaqini bemor biriktirilgan oilaviy poliklinikaga murojaat qilishi lozim.

Murojaat vaqtida odatda:

  • bemorning familiyasi, ismi va boshqa zarur ma’lumotlari;
  • yashash manzili va bog‘lanish uchun telefon raqami;
  • bemorning ahvoli va asosiy shikoyatlari ma’lum qilinadi.

Bemorni uyida ko‘rish zarurati uning sog‘lig‘i holati va tibbiy ko‘rsatmalardan kelib chiqib belgilanadi.

Toshkent shahridagi oilaviy poliklinikalar uchun amaldagi namunaviy nizomda ham poliklinikaning bemorlarni ambulatoriyada qabul qilishi bilan birga ularni uyiga borib ko‘rishi uning majburiyatlaridan biri sifatida belgilangan.

Uyga shifokor chaqirish bepulmi?

Davlat oilaviy poliklinikalarida kafolatlangan tibbiy yordam paketi doirasida ko‘rsatiladigan xizmatlar Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Yangi modelь amal qilayotgan hududlarda biriktirilgan aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.

Agar fuqaro yashash hududi bo‘yicha biriktirilgan tibbiyot brigadasidan boshqa brigadani o‘z xohishi bilan tanlagan bo‘lsa, uyda tibbiy xizmat va patronaj xizmati ko‘rsatilishi alohida bitim shartlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Xususiy tibbiyot tashkiloti shifokorini uyga chaqirish esa ushbu tashkilotning belgilangan tariflari asosida pullik bo‘lishi mumkin.

Qachon “103” ga qo‘ng‘iroq qilish kerak?

Agar bemorning ahvoli shoshilinch bo‘lsa, masalan, hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita xavf tug‘diruvchi holat yuzaga kelsa, oilaviy poliklinika shifokorini kutish o‘rniga “103” tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilish lozim.

“103” xizmati sutka davomida ishlaydi va mazkur raqamga qo‘ng‘iroq qilish bepul.

Chat