Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8390 marta o'qildi

Vaziyatdan kelib chiqib, tashish shartnomasi majburiy yoki ixtiyoriy ravishda o‘zgartirilishi mumkin. Shartnomani o‘zgartirish narx o‘zgarishiga olib keladi

Tashish shartnomasini majburiy ravishda o‘zgartirish

Tashish shartnomasi yo‘nalishning istalgan manzillarida, quyidagi hollarda majburiy ravishda o‘zgartiriladi:

  • yo‘lovchi band qilingan joyga tashuvchining aybi bilan tutash qatnovga kela olmaganida;
  • tashuvchi band qilingan joyni yo‘lovchiga berish imkoniyatiga ega bo‘lmaganida;
  • tashuvchi qatnovni bekor qilganida;
  • tashuvchi qatnovni parvozlar jadvaliga muvofiq ravishda bajara olmaganida;
  • tashuvchi yo‘lovchi uchun to‘xtash va qo‘nish manzillarida to‘xtashni bajara olmaganda.

Tashishning majburiy ravishda o‘zgartirilishi tashishning boshlanish vaqti va (yoki) muddati, tashuvchining, tashish yo‘nalishining, xizmat ko‘rsatish toifasining o‘zgartirilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bunda, tashuvchi quyidagilarni bajarishga majbur:
  • yo‘lovchini qo‘nish manziliga o‘zining boshqa muntazam qatnovida yoki boshqa tashuvchining bo‘sh joyi bo‘lgan qatnovida, tez fursatda, qo‘shimcha to‘lovlar olmagan holda, zarurat bo‘lganda yuqori xizmat ko‘rsatish toifasida va yo‘lovchi uchun qulay bo‘lgan boshqa shartlarda etkazish;
  • yo‘lovchini band qilingan chipta bilan ta’minlash;
  • yo‘lovchi tomonidan to‘langan xizmat ko‘rsatish toifasining o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Agar xizmat ko‘rsatish toifasining bunday o‘zgarishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, unda:
  • xizmat ko‘rsatish toifasi pastroq toifaga majburiy ravishda almashtirilganda, tashuvchi yo‘lovchiga yo‘nalishning xizmat ko‘rsatish toifasi o‘zgargan qismidagi (qismlaridagi) tariflar va yig‘imlar farqini qaytaradi;
  • xizmat ko‘rsatish toifasi yuqoriroq toifaga majburiy ravishda almashtirilganda va tashish narxi oshganida yo‘lovchidan qo‘shimcha yig‘im undirilmaydi;
  • bajarilmagan tashish uchastkasi uchun, pul qaytarilishi bilan, yig‘imlar olinmagan holda, chiptaning majburiy qaytarilishini ta’minlash.

Xizmat ko‘rsatish toifasi majburiy ravishda o‘zgargan taqdirda, yo‘lovchi oldingi xizmat ko‘rsatish toifasi uchun belgilangan stavka bo‘yicha yukni bepul olib yurish huquqini saqlab qoladi.

Tashish shartnomasini ixtiyoriy tarzda o‘zgartirish

Yo‘lovchi talabi bilan tashish shartnomasini o‘zgartirish, ixtiyoriy ravishda o‘zgartirilish hisoblanib, ushbu o‘zgartirish tashish yo‘nalishining, xizmat ko‘rsatish toifasining yoki tarifining o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Agar yo‘lovchi tashish shartnomasining har qanday shartini ixtiyoriy ravishda o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, bu to‘g‘risida tashuvchini xabardor qilishi lozim:

  • reysni;
  • uchish sanasini;
  • yo‘nalishni;
  • xizmat ko‘rsatish toifasini;
  • tashish uchun chiptaning muddatini va boshqalar.

Bunda tashuvchi tashish shartnomasining yangi shartlari bo‘yicha tarifni hisoblashi kerak:

  • agar tashish qiymati oshadigan bo‘lsa, yo‘lovchi o‘rtadagi farqni to‘lashi kerak.
  • agar tashish qiymati pasaysa, tashuvchi yo‘lovchiga farqni qaytarishi kerak.

Ixtiyoriy tarzda yo‘lovchi tomonidan xizmat ko‘rsatish toifasi o‘zgartirilganda, yo‘lovchi bagajni xizmat ko‘rsatish toifasini o‘zgartirish normalariga ko‘ra bepul olib o‘tish huquqiga ega.

Narhni o‘zgarish tartibini qo‘llash

Tashish bilan bog‘liq belgilangan tariflar va yig‘imlarning miqdoriga o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda, ushbu o‘zgartirishlar ular kiritilgunga qadar tuzilgan tashish shartnomalariga tashish boshlanish vaqtiga qadar tatbiq etilmaydi.

Agar tashish boshlanishiga qadar yo‘lovchining roziligi bilan tashish shartnomasiga o‘zgartirish kiritilgan taqdirda, yangi tashish sanasidagi tarif va yig‘imlarning miqdori asosida qaytadan chipta rasmiylashtiriladi.

Chat