Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12517 marta o'qildi

Bagaj etib kelmaganida

Agar bagaj manzil aeroportiga etib kelmagan, kam chiqqan yoki shikastlangan bo‘lsa, tashuvchining belgilangan shaklida tashish shartnomasi buzilganligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilishi kerak.

Dalolatnomaning bir nusxasi yo‘lovchiga beriladi. Murojaatda quyidagilar ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq:

  • yo‘lovchining aloqa ma’lumotlari;
  • reys va chipta ma’lumotlari;
  • bagaj birkasining raqami;
  • bagajning tashqi ko‘rinishi;
  • ichidagi asosiy buyumlar;
  • bagajni etkazib berish manzili.

Muhim: bagaj tasmasida bagaj chiqmaganini aniqlashingiz bilan aeroportdan chiqib ketmasdan aviakompaniya yoki bagaj qidiruv xizmatiga murojaat qiling.

Bagajni qidirish

Tashuvchining qoidalarida:

  • bagaj va uning egasini qidirish;
  • topilgan bagajni egasiga etkazish;
  • olib ketilmagan bagajni saqlash;
  • talablarni ko‘rib chiqish;
  • yo‘qolgan, shikastlangan yoki ushlab qolingan bagaj uchun kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanishi kerak.

Bagaj tashishda bir nechta tashuvchi ishtirok etgan bo‘lsa, yo‘lovchi zararni qoplash talabi bilan birinchi yoki oxirgi tashuvchiga murojaat qilishi mumkin.

Olib ketilmagan bagajni saqlash

Yo‘lovchilar bagajlari tarqatib bo‘linganidan keyin olib ketilmagan bagaj aeroportning tegishli xizmatiga topshiriladi.

Bunday bagaj:

  • mahalliy yoki O‘zbekiston tashuvchisi tomonidan olib kelingan bo‘lsa — aeroportda ko‘pi bilan 3 oy;
  • chet el tashuvchisi tomonidan olib kelingan bo‘lsa — ko‘pi bilan 7 kun saqlanadi.

Chet el tashuvchisi olib kelgan va olib ketilmagan bagaj ushbu muddatdan keyin uni olib kelgan tashuvchining reysi bilan qaytarib yuboriladi.

Muhim: saqlash muddati o‘tgunga qadar bagajga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi chipta, bagaj birkasi yoki boshqa dalillar bilan murojaat qilish lozim.

Bagajni ochish va yo‘q qilish

Tez buziladigan mahsulotlarda buzilish alomatlari aniqlansa, bagaj bojxona vakili ishtirokida ochilib, bunday mahsulotlar dalolatnoma asosida olib tashlanishi mumkin.

Saqlash muddati tugagan bagaj maxsus komissiya qarori asosida yo‘q qilinadi. Qimmatbaho metallar, qimmatbaho va yarimqimmatbaho toshlar hamda tabiiy marvaridlar yo‘q qilinmaydi. Ularni tasarruf etish masalasi sud tartibida hal qilinadi.

Bagajni qidirish, saqlash va yo‘q qilish tartibi 2238-son Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish qoidalari bilan belgilangan.

Chat