Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 20624 marta o'qildi

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan amalga oshiriladi.

Taraflarning huquq va majburiyatlari:
  • ijro ishi yuritish materiallari bilan tanishish;
  • ulardan ko‘chirmalar, nusxalar olish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish;
  • iltimosnomalar berish, ijro harakatlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
  • ijro harakatlari jarayonida og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish;
  • ijro ishi yuritilishi davomida paydo bo‘ladigan masalalar yuzasidan o‘z vajlari va fikr-mulohazalarini bildirish;
  • ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari, vajlari va fikr-mulohazalariga qarshi e’tiroz bildirish, rad qilish;
  • davlat ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.

Ijro ishi yuritishda ishtirok

Jismoniy shaxslar ijro ishi yuritishda mustaqil ravishda yoki vakillari orqali ishtirok etishlari mumkin.

Ijro ishi yuritishda jismoniy shaxsning shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega bo‘lish huquqidan mahrum etmaydi. Agar ijro hujjati bo‘yicha qarzdor zimmasiga faqat uning o‘zi shaxsan ijro etishi mumkin bo‘lgan majburiyatlar yuklatilgan bo‘lsa, shuningdek ijro hujjatining xususiyati undiruvchining shaxsan ishtirokini talab qilgan hollarda ularni ijro etishda qarzdor yoki undiruvchi o‘z vakili orqali harakat qilishga haqli emas.

Yuridik shaxslar ijro ishi yuritishda mustaqil ravishda yoki vakillari orqali ishtirok etishlari mumkin.

Yuridik shaxsning nomidan ishtirok etuvchi shaxslarda o‘z vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lishi shart.

Ijro harakatlarini keyinga qoldirish

Ijro harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan holatlar bo‘lganda, ijro kechiktirilishi yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etilishi hamda ijro etish usuli va tartibi o‘zgartirilishi mumkin. Bunga davlat ijrochisining tashabbusi, taraflardan biri yoki taraflarning har birining sud yoki boshqa organga bergan arizasi asos bo‘ladi.

Qarzdorning hisobvaraqlariga qo‘yilgan xatlov kechiktirish muddatiga olib tashlanishi mumkin.

Ijro hujjati bo‘lib-bo‘lib ijro etilganda, belgilangan qism va muddatlar bo‘yicha amalga oshiriladi.

Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklash

Ijro hujjatidagi talablar qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdorni O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli.

Mazkur qarorning ko‘chirma nusxalari qarzdor jismoniy shaxsga, ichki ishlar organlarining kirish, chiqish va fuqarolik bo‘limiga hamda Davlat chegarasini qo‘riqlash organlariga yuboriladi.

Voyaga etmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, davlat ijrochisi to‘lov yoki garov shartnomasi to‘g‘risidagi tegishli hujjat olingan kunning ertasidan kechiktirmasdan manfaatdor shaxslarni, ichki ishlar organlarini va Davlat chegarasini qo‘riqlash organlarini qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini cheklash olib tashlanganligi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.

Chat