Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22207 marta o'qildi

Mediatsiyaga oid kelishuv 3 turda tuzilishi mumkin:

mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuv — nizo kelib chiqquniga qadar yoki u kelib chiqqanidan so‘ng taraflarning nizoni mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirgan holda hal etish zarurligi to‘g‘risida tuzilgan kelishuvi.

mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuv — taraflarning tuzilgan paytdan e’tiboran mediatsiya tartib-taomili amalga oshiriladigan kelishuvi;

mediativ kelishuv — mediatsiyani qo‘llash natijasida mediatsiya taraflari tomonidan erishilgan kelishuv.

Mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuv

Mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuv shartnomadagi uning tarkibiy qismi bo‘lgan shart tarzida yoki alohida kelishuv tarzida yozma shaklda tuziladi.

Mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvda taraflar o‘rtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin bo‘lgan barcha yoki muayyan nizolar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish yo‘li bilan hal etilishi kerakligi haqidagi qoida bo‘lishi lozim.

Mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvda nizo predmeti haqidagi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarda taraflarning ishtirok etish shartlari haqidagi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi mumkin.

Mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuv mazmuni
  • taraflar;
  • nizo predmeti;
  • mediatsiyani amalga oshirish tartibi, mediator, kelishilgan majburiyatlar, ularni bajarish shartlari va muddatlari;
  • mediatsiya amalga oshiriladigan til, joy va sana;
  • mediatsiya muddati.

Mediativ kelishuv

Mediatsiya natijalari bo‘yicha taraflar o‘zaro bir qarorga kelgan taqdirda taraflar o‘rtasida yozma shaklda tuziladi.

Davlat organi tomonidan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab da’vo taqdim etilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs mazkur davlat organining ishtirokisiz mediativ kelishuv tuzishga haqli.

Mediativ kelishuv taraflar uchun majburiy bo‘lib, belgilangan tartibda hamda muddatlarda bajarilishi kerak.

Mediativ kelishuv bajarilmaslik oqibatlari

Mediativ kelishuv bajarilmagan taqdirda taraflar sudga murojaat etishga haqli.

Mediativ kelishuv bajarilmasligining oqibatlari kelishuvning o‘zida belgilab qo‘yilishi mumkin.

Mediatorga haq to‘lash

Professional mediator o‘z faoliyatini haq evaziga yoki tekin amalga oshirishi mumkin.

Noprofessional mediatorning faoliyati tekin amalga oshiriladi.

Noprofessional mediatorga uning mediatsiyani amalga oshirish bilan bog‘liq qilgan xarajatlarini, shu jumladan nizoni ko‘rib chiqish joyiga borib kelish uchun yo‘l haqi, yashash va ovqatlanish xarajatlarini o‘rni qoplanishi mumkin.

Haq to‘lash va xarajatlar o‘rnini qoplash taraflar tomonidan, agar boshqacha qoida bo‘lmasa, teng ulushlarda amalga oshiriladi.

Chat