Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30454 marta o'qildi

Kelishuv bitimi

Kelishuv bitimi - o‘zaro kelishishga asoslangan va nizoni hal qilish yuzasidan taraflarning yozma kelishuvi hisoblanadi.

Kelishuv bitimi da’vo tartibidagi har qanday ish bo‘yicha tuzilishi mumkin.

Kelishuv bitimi fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida va sud hujjatini ijro etish jarayonida taraflar tomonidan tuzilishi mumkin.

Kelishuv bitimi u sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan hisoblanadi.

Kelishuv bitimini rasmiylashtirish

Kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi va kelishuv bitimini tuzgan shaxslar yoki ularning vakillari tomonidan imzolanadi.

Kelishuv bitimida majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari ko‘rsatilishi kerak.

Kelishuv bitimida javobgar tomonidan majburiyatlarni kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish to‘g‘risidagi, talab qilish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqidagi, qarzdan to‘liq yoki qisman voz kechish yoxud qarzni tan olish to‘g‘risidagi, sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shartlar va qonunga zid bo‘lmagan boshqa shartlar ko‘rsatilishi mumkin.

Agar kelishuv bitimida sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shart mavjud bo‘lmasa, sud bu masalani kelishuv bitimini tasdiqlash chog‘ida, umumiy tartibda hal etadi.

Soliq qarzdorligini undirish bo‘yicha kelishuv bitimi tuzishga yo‘l qo‘yilmasligi

Soliq idoralarining yuridik shaxslarning soliq qarzlarini undirishni ularning mol-mulkiga qaratish haqidagi arizalari asosida iqtisodiy sudlarda ishlar ko‘rib chiqiladi.

Soliq idoralariga bunday arizalar bilan murojaat qilish huquqi berilgan bo‘lsa-da, o‘z ixtiyori bilan ushbu qarzlarni undirish bo‘yicha (masalan, qarzni to‘lash muddatini kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va h.k) soliq to‘lovchilar bilan kelishuv bitimini tuzish vakolati berilmagan.

Sud jarayonining har qanday bosqichida kelishuv bitimini tuzish mumkin

Iqtisodiy sud ishini yuritishda:

  • taraflar sud muhokamasi davomida kelishuv bitimi tuzish istagini bildirgan holda, sud taraflarga ushbu sud majlisida kelishuv bitimi tuzishni taklif etishi yoki taraflar kelishuv bitimi shartlarini ishlab chiqishlari uchun ularga imkoniyat bergan holda, ishni ko‘rishni boshqa muddatga qoldirishga haqlidir.
  • kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida qonunga muvofiq xabardor qilinadi.

Fuqarolik sudi ishini yuritishda:

  • taraflarni yarashtirish fuqarolik sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olib, sudьya ishni sud muhokamasiga tayyorlash bosqichida taraflarga kelishuv bitimini tuzish orqali nizoni o‘zaro to‘liq yoki qisman hal etishlari mumkinligi va kelishuv bitimi tuzish afzalliklari va oqibatlarini tushuntirishi lozim.

Chat