Tug‘ilishni qayd etishning umumiy tartibi
- Tug‘ilishni qayd etilishidan asosiy maqsad fuqarolarning konstitutsiyada mustahkamlangan huquqlarini himoyalashni hamda davlat va jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda, fuqarolar hayotidagi muhim voqeani belgilashdir.
- Bolaning tug‘ilishini bola tug‘ilgan joydagi yoki ota-onasidan birining doimiy yashash joyidagi FHDYo organida amalga oshirilishi lozim. Bunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish mumkin.
- Tug‘ilganlik haqidagi ariza bola tug‘ilgan kundan boshlab 1 oy muddat mobaynida og‘zaki yoki yozma shaklda berilishi zarur.
- Bola tug‘ilganligi to‘g‘risidagi ariza ota-onasi yoki ulardan biri, alohida hollarda esa qarindoshlari, qo‘shnilari yoki ota-onasi yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslar, shuningdek tibbiyot muassasalarining, ichki ishlar yoki vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan berilishi mumkin.
To‘g‘ilganlik holatini qayd etish uchun talab qilinadi:
- Bola tug‘ilganligi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnoma;
- Ota-onaning pasportlari yoki pasportni o‘rnini bosuvchi xujjat;
- Nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma yoki otalikni aniqlash to‘g‘risidagi ariza (turmushga chiqmagan ota-onadan tug‘ilgan) yoki turmushga chiqmagan onaning arizasi.
- Ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi xujjati bo‘lmagan taqdirda, ayrim holatlarda FHDYo organi bola tug‘ilganligi qayd etishni rad qilolmaydi. Bunda ota-ona to‘g‘risidagi ma’lumotlar nikohni qayd etish to‘g‘risidagi guvoxnomaga yoki ilgari to‘g‘ilgan bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga asosan to‘ldiriladi.
Sudning hal qiluv qaroriga asosan tug‘ilishni qayd etish
- Bolaning tug‘ilishini qayd etish uchun etarli asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ya’ni tug‘ilganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmaganda, hujjatlarda jiddiy tafovutlar mavjud bo‘lganda va boshqa hollarda bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganlik faktini qayd etish sudning hal qiluv qaroriga asosan amalga oshiriladi.
- Bola 16 yoshdan oshgan va tug‘ilishi qayd etilmagan hollarda ham bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganlik faktini qayd etish fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning hal qiluv qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda tug‘ilganlik faktini belgilash uchun ariza berishda davlat boji undirilmaydi.
Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilganligini qayd etish
Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilganligini qayd etish uchun ichki ishlar organi, vasiylik va homiylik organlari, bola parvarishlanayotgan muassasa ma’muriyati yoki tibbiy muassasa tomonidan bola topib olingan (tashlab ketilgan) joydagi FHDYo organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beriladi:
- ichki ishlar organi yoki vasiylik va homiylik organining bolaning topib olingan vaqti, joyi va topib olingan paytdagi holati to‘g‘risidagi dalolatnomasi;
- tibbiy muassasaning topib olingan yoki tashlab ketilgan bolaning yoshi, jinsi, vazni va bo‘yi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi.
Tug‘ruqxonadan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etish
- Tug‘ruqxonadan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etish shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardan tashqari uchastka shifokori (felьdsher yoki akusher) tomonidan berilgan tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma asosida amalga oshiriladi.
- Bunday holatlarda bolaning ushbu onadan tug‘ilganligiga guvoh bo‘lganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (felьdsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma tibbiy ma’lumotnoma berish uchun asos hisoblanadi.
Yolg‘iz onadan tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etish
- Tug‘ilishni qayd etish uchun yolg‘iz (qonuniy nikohda bo‘lmagan) ona tomonidan FHDYo organiga onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjat va yozma ariza taqdim etiladi.
- Agar tug‘ilgan bolaning onasi voyaga etmagan bo‘lsa, tug‘ilishni qayd etish bolaning tug‘ilganligi haqida tibbiy ma’lumotnoma hamda vasiylik va homiylik organining arizasiga asosan onaning yashash joyidagi FHDYo organi tomonidan qayd etiladi.
- Bunda bolani tuqqan onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan birga yashash va o‘qish joyidan rasmi elimlangan holdagi ma’lumotnomalar taqdim etilishi lozim.
- Yolg‘iz onaning arizasida ona va otaning familiyasi bir xilda — onaning familiyasi bo‘yicha ko‘rsatilishi lozim.
- Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida «Otasi» va «Onasi» ustunlarini ochiq qoldirish qat’iyan man etiladi.
- Bolaning familiyasi esa onaning familiyasi yoki milliy an’analarga ko‘ra ona tomonidan boboning ismi bo‘yicha berilishi mumkin.
Chet elda tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini etish
Tug‘ilgandan keyin O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanishi mumkin bo‘lgan bolaning tug‘ilganligini qayd etish bola tug‘ilgan yoki uning ota-onasi doimiy yoki vaqtincha yashab turgan konsullik okrugidagi konsul tomonidan umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
FHDYo organi tomonidan chet elda tug‘ilgan, lekin tug‘ilishi o‘sha davlatlarda qayd etilmagan bolaning tug‘ilishini qayd etishda quyidagi hujjatlar talab etiladi.
- bolaning tug‘ilganligi haqida tibbiy ma’lumotnoma;
- bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida yashash joyidagi tibbiy muassasa ma’lumotnomasi;
- bolaning ta’lim olayotganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma (bola ta’lim olayotgan bo‘lsa);
- tegishli FHDYo arxividan ushbu bolaga nisbatan tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma.
Tug‘ilganlikni belgilangan muddatidan o‘tkazib qayd etish
16 yoshgacha bo‘lgan bolaning tug‘ilishini qayd etish uchun FHDYo organiga tug‘ilishni qayd etish muddatini o‘tkazib yuborganlik sabablari ko‘rsatilgan ariza va quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- bolaning tug‘ilganligi haqida tibbiy ma’lumotnoma;
- bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- bolaning ta’lim olayotganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma (bola ta’lim olayotgan bo‘lsa);
- tegishli FHDYo arxividan ushbu bolaga nisbatan tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma.
16 yoshdan oshgan, tug‘ilishi qayd etilmagan shaxslarning tug‘ilganligini qayd etish sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshiriladi.
Tug‘ilishni qayd etganlik uchun to‘lov undiriladi.
Tug‘ilganlik haqida guvohnomalar berganlik uchun BHMning 10 foizi.
Tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma va ma’lumotnomalar berish
Tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar fuqarolik holati dalolatnoma yozuvi:
- qayd etilgan tegishli shaxsning o‘ziga;
- uning ota-onalariga;
- boshqa shaxslarga (ishonchnoma asosida) beriladi.
Vafot etgan shaxsga nisbatan tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda, vafot etgan shaxsning tug‘ilganligi haqida ma’lumotnoma berilishi mumkin.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etilganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun BHMning 15 foizi davlat boji undiriladi.