Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5837 marta o'qildi

Quyidagilar jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotini olishlar mumkin:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarolari;
  • O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida qatnashish

Ish beruvchilar, mehnat shartnomasi tuzib ishlayotganlar  jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida qatnashishlari majburiy bo‘lib hisoblanadi.

Quyidagilar jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriy ishtirok etadilar:

  • yakka  tadbirkorlar;
  •  yuridik shaxs tashkil etmagan dehqon xo‘jaliklarining a’zolari;
  • chet elda yollanib ishlovchilar;
  • dehqon xo‘jaligi a’zolari;
  • shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda qoramol boqish va etishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish bilan, o‘simlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlari etishtirish bilan  band bo‘lganlar.

Fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olish

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida majburiy tartibda ishtirok etuvchi fuqarolarni hisobga olish ish beruvchining talabnomasiga muvofiq mazkur fuqarolarning asosiy ish joyidagi Xalq banki filialida amalga oshiriladi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etuvchi fuqarolarni hisobga olish ularning arizasiga muvofiq mazkur fuqarolarning yashash joyidagi Xalq banki filialida amalga oshiriladi.

Yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki O‘zbekiston Respublikasining interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida elektron ariza berishlari lozim.

Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari ochish

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olinayotganda fuqarolarga Xalq banki umrbod qilib belgilanadigan, doimiy shaxsiy tartib raqamli shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari ochadi.

Fuqarolarning yashash yoki ish joyi yoxud pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga oid ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i tartib raqami o‘zgarishsiz qoladi va yangi shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i ochish talab etilmaydi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi

Jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq banki tomonidan beriladigan, fuqaroning jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olishga huquqini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasida shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ining asosiy rekvizitlari ko‘rsatiladi hamda ushbu hisobvarag‘idagi mablag‘lar harakati, shu jumladan kiritilgan badallar, ular bo‘yicha foizlarni hisoblash va jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari bo‘yicha operatsiyalar aks ettiriladi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olingan har qaysi fuqaro uchun, fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olish uchun zarur hujjatlar olingan va Xalq banki tomonidan fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida shaxsan hisobga olishni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq Xalq banki filiali tomonidan:

yozma ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlar olingandan keyin uch ish kuni mobaynida;

Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalidagi shaxsiy «tadbirkorlik sub’ekti kabineti» orqali elektron shaklda rasmiylashtirilgan hujjatlar olingan paytdan boshlab bir kun muddatda rasmiylashtiriladi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi yo‘qolganda (yo‘qotib qo‘yilganda yoki yaroqsiz bo‘lib qolganda) oluvchining arizasi asosida shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ining aynan o‘sha doimiy shaxsiy tartib raqami bilan, ma’lumotlarning yagona elektron bazasidagi ma’lumotlar asosida uning dublikati beriladi.

Jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallaridan, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larga hisoblab chiqarilgan foizlardan hamda bunday mablag‘lar foydalanilishidan fuqarolar va Xalq banki oladigan boshqa daromadlardan, jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlaridan, shuningdek jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘lari aylanmasidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar olinmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilish uchun quyidagi "1140" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1106" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Hayotiy misol:

Savol: J. ismli shaxs jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimi va ushbu tizimda ishtirok etish tartibi yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: 2005-yil 1 yanvardan boshlab amaldagi fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimiga qo‘shimcha ravishda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi joriy etilgan.

Ish beruvchilarning, shuningdek mehnat faoliyatini mehnat shartnomasi asosida amalga oshiruvchi fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etishi, agar qonunchilikda boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, majburiydir.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi dehqon xo‘jaliklarining a’zolari, shuningdek boshqa fuqarolar jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etadilar.

Fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob raqamlariga majburiy har oylik badallar jismoniy shaxslarning qonun hujjatlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan daromad solig‘i summasidan tegishli ravishda chiqarib tashlangan holda xodimning hisoblangan ish haqi (daromadi)ning ikki foizi miqdorida amalga oshiriladi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida qatnashadigan fuqarolar tomonidan shaxsiy pensiya hisobvaraqlariga badallar miqdori va to‘lash muddatlari mustaqil ravishda belgilanadi.

Chat