Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14013 marta o'qildi

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etuvchi fuqarolar pensiya to‘lovlari oluvchi sifatida jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini qonun hujjatlariga muvofiq davlat pensiyasini olish huquqi yuzaga kelgan taqdirda olish huquqiga ega.

Fuqaro vafot etgan taqdirda, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida jamg‘arilgan mablag‘lar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda merosga o‘tadi va merosxo‘rga bir yo‘la to‘la hajmda to‘lanadi.

Fuqaro O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga doimiy yashash joyiga chiqib ketayotgan bo‘lsa, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida jamg‘arilgan mablag‘lar bir yo‘la to‘la hajmda to‘lanadi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma

Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini oluvchining yashash joyidagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limi beradigan jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma bunday to‘lovlarni olish uchun asos bo‘ladi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani berish so‘ralgan arizani fuqarolar ish beruvchi orqali (majburiy ishtirokchilar), bevosita yashash joylaridagi (ixtiyoriy ishtirokchilar) Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga beradilar.

Guvohnoma ariza kelib tushgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan beriladi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olishda tanlash huquqi

To‘lovlarni oluvchilar o‘zlari mustaqil ravishda belgilaydigan muddat mobaynida har oylik jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olishni yoki jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini bir yo‘la olishni tanlash huquqiga ega.

Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini to‘lash
  • Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari guvohnoma asosida bunday to‘lovlarni oluvchining yashash joyidagi Xalq banki filiali tomonidan to‘lanadi.
  • Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari ularni olish uchun murojaat etilgan oydan keyingi oydan e’tiboran, lekin bunday to‘lovlarni oluvchida davlat pensiyasini olish huquqi yuzaga kelgach, to‘lanadi.
  • Bunday to‘lovlarni oluvchilar shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridan mablag‘larni qonunchilikka muvofiq berilgan hujjatlar asosida ishonchli shaxslar orqali olishlari mumkin.

Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini oluvchining huquqlari va majburiyatlari

Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini oluvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idan to‘lovlarni belgilangan tartibda olish;
  • shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi jamg‘armalarining holati to‘g‘risida, shuningdek shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘larga hisoblab chiqarilgan foizlar haqida axborot olish;
  • shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi jamg‘armalarini qonunchilikka muvofiq vasiyat qilib qoldirish;
  • Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini oluvchi Xalq bankining mazkur to‘lovchi oldidagi majburiyatlarini bajarishiga ta’sir qiluvchi o‘zgarishlar to‘g‘risida Xalq banki filialiga xabar qilishi shart.

To‘lov jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini oluvchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra to‘xtatib qo‘yilganda yoki u to‘lanmaganda yoxud to‘lov tartibi va uning miqdori bo‘yicha nizoli masalalar paydo bo‘lganda oluvchi tuman (shahar) byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, uning yuqori tashkilotiga, Xalq bankining hududiy boshqarmasiga va boshqaruviga yoki sudga murojaat qilishga haqlidir.

Jamg‘arib boriladigan pensiya hisobraqamidagi mablag‘lar haqida mobil aloqasi orqali ma’lumot beruvchi “SMS-xabarnoma” xizmatiga ulanish tartibi bilan tanishish uchun quyidagi havolaga o‘ting.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1140" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1106" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Hayotiy misol:

Savol: Z. ismli shaxs fuqaroning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob raqamida to‘plangan pul mablag‘larini olish huquqi qachon vujudga kelishi va qanday hollarda ushbu jamg‘arilgan mablag‘ni bir yo‘la to‘la hajmda olish mumkinligini tushuntirishni so‘radi.

Javob: Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etuvchi fuqarolar pensiya to‘lovlari oluvchi sifatida jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini qonunchilikka muvofiq davlat pensiyasini olish huquqi yuzaga kelgan taqdirda olish huquqiga ega.

Shu bilan birga, quyidagi hollarda fuqarolar jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini bir yo‘la to‘la hajmda olish huquqiga ega bo‘ladi. 

Ya’ni, fuqaro vafot etgan taqdirda, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida jamg‘arilgan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda merosga o‘tadi va merosxo‘rga bir yo‘la to‘la hajmda to‘lanadi.

Shuningdek, fuqaro O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga doimiy yashash joyiga chiqib ketayotgan bo‘lsa, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida jamg‘arilgan mablag‘lar bir yo‘la to‘la hajmda to‘lanadi.

Chat