Qanday ishlar fuqarolik sudida ko‘riladi?
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar, qoida tariqasida, taraflardan kamida bittasi fuqaro bo‘lgan quyidagi munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘radi:
- fuqarolik va mulkiy munosabatlar;
- oila va aliment munosabatlari;
- mehnatga oid nizolar;
- uy-joy va er munosabatlari;
- iste’molchilar huquqlarini himoya qilish;
- meros va shaxsiy nomulkiy huquqlarga oid ishlar.
Nizo ma’muriy, iqtisodiy, jinoyat yoki boshqa sud vakolatiga kirsa, u fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilmaydi.
Sudga murojaat qilish shakllari
Sudga murojaat ishning xususiyatiga qarab quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
- nizoli fuqarolik munosabatlari bo‘yicha — da’vo arizasi;
- buyruq tartibidagi va alohida tartibdagi ishlar bo‘yicha — ariza;
- sud hujjatini qayta ko‘rib chiqish uchun — apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish shikoyati;
- protsessual masalalar bo‘yicha — iltimosnoma.
Ariza yozma shaklda yoki sudning axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida berilishi mumkin.
Sud buyrug‘i tartibi
Sud buyrug‘i nizosiz va hujjatlar bilan tasdiqlangan talablar bo‘yicha beriladi. Jumladan:
- notarial tasdiqlangan bitimga asoslangan talablar;
- yozma bitimga asoslangan va qarzdor tan olgan qarz;
- otalikni belgilash yoki uchinchi shaxsni jalb qilish talab etilmaydigan aliment;
- hisoblangan, ammo to‘lanmagan ish haqi;
- kommunal yoki aloqa xizmatlari bo‘yicha hujjatlar bilan tasdiqlangan qarzdorlik.
Muhim: Agar taraflar o‘rtasida huquq to‘g‘risida nizo mavjud bo‘lsa, talab sud buyrug‘i tartibida emas, da’vo tartibida ko‘riladi.
Alohida tartibda ko‘riladigan ishlar
Alohida tartibda, jumladan:
- yuridik ahamiyatga ega faktlarni aniqlash;
- farzandlikka olish;
- fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish yoki vafot etgan deb e’lon qilish;
- fuqaroning muomala layoqatini cheklash yoki uni muomalaga layoqatsiz deb topish;
- voyaga etmagan shaxsni to‘liq muomalaga layoqatli deb e’lon qilish;
- shaxsni qonunda belgilangan hollarda tibbiy muassasaga g‘ayriixtiyoriy joylashtirish;
- mol-mulkni egasiz deb topish;
- yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi ishlar ko‘riladi.
Qaysi sudga murojaat qilinadi?
Umumiy qoidaga ko‘ra, da’vo javobgarning yashash joyi, yuridik shaxsga nisbatan esa uning joylashgan eridagi sudga beriladi. Ayrim toifadagi ishlar uchun arizachining tanlovi bo‘yicha yoki mutlaq sudlovga tegishlilik qoidalari belgilangan.
Arizaga talabni tasdiqlovchi hujjatlar, davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi ma’lumotlar, vakil ishtirok etsa, uning vakolati haqidagi hujjat ilova qilinadi.
Tartib O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi bilan belgilangan.