Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 144878 marta o'qildi

Kimlarga O‘zbekistonga kirish vizasi kerak?

Kirish vizasi — chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston hududiga kirish va belgilangan muddat davomida mamlakatda bo‘lish huquqini beruvchi ruxsatnoma.

Fuqarosi bo‘lgan davlat uchun vizasiz rejim yoki O‘zbekistonning xalqaro shartnomasida boshqa tartib belgilanmagan bo‘lsa, chet el fuqarosi O‘zbekistonga kirish uchun tegishli vizani olishi kerak.

Vizasiz bo‘lish muddati davlatga qarab farq qiladi. Belgilangan muddatdan ko‘proq qolish zarur bo‘lsa, safar maqsadiga mos viza rasmiylashtiriladi.

Viza qaerda rasmiylashtiriladi?

Kirish vizalari:

  • O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalarida;
  • O‘zbekiston konsullik muassasasi bo‘lmagan davlatlarda — tegishli xalqaro kelishuv mavjud bo‘lsa, boshqa davlatning konsullik muassasasida;
  • xalqaro aeroportlardagi Tashqi ishlar vazirligi bo‘linmalarida;
  • elektron viza olish huquqiga ega davlatlar fuqarolari uchun rasmiy elektron viza portali orqali rasmiylashtirilishi mumkin.

Viza berish uchun qanday asos kerak?

Viza safar maqsadi va viza toifasiga qarab:

  • O‘zbekistondagi jismoniy yoki yuridik shaxsning taklifnomasi;
  • davlat organi, tashkilot, ta’lim yoki tibbiyot muassasasining iltimosnomasi;
  • mehnat faoliyati huquqini tasdiqlovchi hujjat;
  • akkreditatsiya yoki investitsiyani tasdiqlovchi hujjat;
  • O‘zbekiston hududi orqali tranzit o‘tilayotganini tasdiqlovchi yo‘l hujjatlari

asosida beriladi.

Taqdim etiladigan aniq hujjatlar tanlangan viza turi va murojaat qilinayotgan konsullik muassasasi talablariga qarab belgilanadi.

Elektron viza qanday olinadi?

Elektron viza olish huquqiga ega davlatlar fuqarolari O‘zbekiston konsullik muassasasiga bormasdan rasmiy portal orqali ariza berishi mumkin.

Elektron viza O‘zbekiston hududiga 30 kungacha bir martalik, ikki martalik yoki ko‘p martalik kirish uchun rasmiylashtiriladi.

Konsullik yig‘imi:

  • bir martalik elektron viza uchun — 20 AQSh dollari;
  • ikki martalik elektron viza uchun — 35 AQSh dollari;
  • ko‘p martalik elektron viza uchun — 50 AQSh dollari.

Viza muddati qanday uzaytiriladi?

Vizani uzaytirish — amal qilish muddati yangilangan yangi viza berish orqali O‘zbekistonda qonuniy bo‘lish muddatini uzaytirish.

Akkreditatsiya qilingan diplomatlar, xalqaro tashkilotlar, xorijiy vakolatxonalar va ayrim boshqa toifalarning vizalari Tashqi ishlar vazirligi tomonidan uzaytiriladi.

Boshqa chet el fuqarolarining vizalarini uzaytirish ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Viza muddati tugashini kutmasdan, oldindan vakolatli organga murojaat qilish lozim.

O‘zbekistonga kirish qachon rad etilishi mumkin?

Chet el fuqarosining O‘zbekistonga kirishi quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:

  • milliy xavfsizlik yoki jamoat tartibini ta’minlash zarur bo‘lganda;
  • fuqarolar va boshqa shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish talab etilganda;
  • shaxs terrorchilik, ekstremistik yoki boshqa jinoiy tashkilotlar faoliyatiga aloqador bo‘lganda;
  • o‘zi haqida qasddan noto‘g‘ri ma’lumot berganda yoki zarur hujjatlarni taqdim etmaganda;
  • avvalgi tashrifi davomida kirish, chiqish, bojxona, valyuta yoki mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzganda;
  • shaxsning kasalligi jamiyat xavfsizligi va salomatligiga xavf tug‘dirganda;
  • shaxs O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilganda;
  • unga nisbatan O‘zbekistonga kirishni cheklash to‘g‘risida qaror mavjud bo‘lganda.

16 yoshga to‘lmagan chet el fuqarolari

Xorijiy pasport yoki biometrik harakatlanish hujjatiga ega, qonuniy vakili hamrohligidagi 16 yoshga to‘lmagan chet el fuqarosi hamroh shaxs vizasining amal qilish davrida, biroq O‘zbekistonga kirgan kundan boshlab 90 kundan oshmagan muddatda vizasiz kirishi va chiqishi mumkin.

Agar bola O‘zbekistonda turgan davrda 16 yoshga to‘lsa, unga chiqish vizasi ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari tomonidan rasmiylashtiriladi.

Chat