Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 6343 marta o'qildi

O‘zbekiston Respublikasida faqat yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilishga yo‘l qo‘yiladi.

Buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish retsipientga o‘zining jabrlangan va hayot uchun muhim faoliyatini bajarolmasdan, uning sog‘lig‘iga qaytarib bo‘lmaydigan asoratlarga olib kelayotgan buyrak va (yoki) jigar bo‘lagi o‘rniga tirik yaqin qarindoshlar orasidan sog‘lom buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish maqsadida bajariladigan operativ amaliyotdir.

Tirik yaqin qarindosh donorlar — qonunchilik asosida, o‘zaro qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota-onalar, tug‘ishgan yoki tutingan aka-uka va opa-singillar, er-xotinlar, farzandlar (shu jumladan asrab olinganlar), buva va buvilar, nabiralar, shuningdek er-xotinning ota-onalari, tug‘ishgan yoki tutingan aka-uka va opa-singillar bo‘lishi mumkin.

Donor va retsipient orasidagi yaqin qarindoshlik aloqalarini isbotlovchi hujjatlarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, pasport, nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma, shuningdek qarindoshlik rishtalarini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar kiradi.

Yaqin qarindoshlik aloqalarini isbotlovchi hujjatlar, shuningdek ularning haqiqiyligini tasdiqlovchi isbotlar haqidagi majburiyatlar donor va retsipient zimmasiga yuklanadi.

18 yoshga to‘lmagan, belgilangan holatda o‘zini o‘zi boshqarolmaydigan deb topilgan, ozodlikdan mahrum qilingan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, homilador ayollar, narkomaniya, surunkali alkogolizm va toksikomaniyadan azob chekayotgan shaxslardan transplantatsiya maqsadida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Transplantatsiya faqat quyidagi davlat tibbiyot tashkilotlarida amalga oshiriladi:
  • Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy jarrohlik tibbiyot markazi;
  • Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi;
  • Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi.

Transplantatsiyani amalga oshiruvchi davlat tibbiyot tashkiloti rahbari transplantatsiyaga tayyorlash jarayonida quyidagilarga majbur:
  • donordan operativ usul bilan uning bir buyragi va (yoki) jigar bo‘lagini olish donorning sog‘lig‘iga ta’sir qilib, rivojlanishi mumkin bo‘lgan asoratlarning yuzaga kelishi haqida uni ogohlantirish;
  • donordan operativ usul bilan uning bir buyragi va (yoki) jigar bo‘lagini olishga undan ongli ravishda va erkin holatda yozma shakldagi roziligini olish;
  • donorning transplantatsiyani bajarish mumkin ekanligini tasdiqlovchi to‘laqonli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi va transplantatsiya bo‘yicha mutaxassislarning xulosasini olishini ta’minlash.

Transplantatsiya bajarilgandan so‘ng davlat tibbiyot tashkiloti donor va retsipientni quyidagilar bilan ta’minlashi kerak:
  • profilaktik dispanser ko‘rigi — kamida 3 yil davomida;
  • ambulatoriya nazoratida bo‘lgan bemorlarni qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli dori vositalari bilan ta’minlash.

Chat