Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 259670 marta o'qildi

Nizom qaysi sinflarga tatbiq etiladi?

Bilim sifatini nazorat qilish to‘g‘risidagi nizom 5–11-sinf o‘quvchilariga tatbiq etiladi.

Maktabda:

  • an’anaviy besh ballik reyting tizimi;
  • yoki vazirlik tasdiqlagan ro‘yxat bo‘yicha formativ va summativ baholash tizimi qo‘llanilishi mumkin.

Baholash — o‘quvchining davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturi bo‘yicha bilim hamda amaliy ko‘nikmalarni qay darajada o‘zlashtirganini aniqlash jarayoni.

An’anaviy tizimda qanday baholanadi?

An’anaviy tizimda har bir nazorat turi:

  • «5» — a’lo;
  • «4» — yaxshi;
  • «3» — qoniqarli;
  • «2» va «1» — qoniqarsiz tarzida butun son bilan baholanadi.

Nazorat turlariga:

  • joriy nazorat;
  • oraliq nazorat;
  • bosqichli nazorat;
  • yakuniy davlat attestatsiyasi kiradi.

Formativ baholash nima?

Formativ baholash — dars jarayonida o‘quvchining bilim va ko‘nikmalarini muntazam kuzatish hamda unga rivojlanish uchun fikr-mulohaza berish usuli.

Mezonlarni o‘qituvchi fan xususiyati va ajratilgan soatlardan kelib chiqib belgilaydi. Baho chorak davomida qo‘yilgan 1 dan 10 ballgacha bo‘lgan natijalarning o‘rtacha ko‘rsatkichidan shakllanadi.

Har bir o‘quvchi chorak, yarim yillik yoki yil davomida kamida 4-marta formativ baholanishi kerak.

Summativ baholash nima?

Summativ baholash — fanning bobi, choragi, yarim yilligi yoki o‘quv yili yakunida o‘quvchining egallagan bilim va ko‘nikmalarini baholash.

U:

  • bob bo‘yicha summativ baholash;
  • chorak bo‘yicha summativ baholashdan iborat.

Bob bo‘yicha baholash yozma, amaliy, laboratoriya, loyiha, ijodiy ish yoki og‘zaki javob shaklida o‘tkazilishi mumkin. Bir kunda bir sinf uchun 3 tadan ortiq fan bo‘yicha choraklik summativ baholash o‘tkazilmaydi.

100 ballik natija qanday shakllanadi?

Choraklik natija jami 100 balldan:

  • formativ baholash — 10 ball;
  • bob bo‘yicha summativ baholash — 50 ball;
  • chorak bo‘yicha summativ baholash — 40 ball asosida shakllanadi.

Ballar quyidagicha bahoga aylantiriladi:

  • 86–100 ball — «5»;
  • 66–85 ball — «4»;
  • 30–65 ball — «3»;
  • 0–29 ball — «2».

Summativ baholashda nimalar taqiqlanadi?

Baholash jarayonida:

  • boshqalar bilan gaplashish yoki ishini ko‘chirish;
  • darslik, shpargalka va konspektlardan foydalanish;
  • telefon, audio, foto va video qurilmalarni olib kirish;
  • ruxsatsiz kalьkulyatordan foydalanish taqiqlanadi.

Fan o‘qituvchisi fan xususiyatidan kelib chiqib kalьkulyatorga istisno belgilashi mumkin.

Qayta topshirish mumkinmi?

Uzrli sabab bilan qatnashmagan o‘quvchi qayta topshirganda olgan haqiqiy bali qo‘yiladi.

Uzrsiz qatnashmagan, qoidani buzgan yoki 30 foizdan past natija olgan o‘quvchi ham qayta topshirishi mumkin, biroq uning maksimal natijasi 65 foizdan oshmaydi.

An’anaviy tizimda o‘quvchi yoki ota-ona yillik bahodan norozi bo‘lsa, pedagogik kengash tuzgan fan komissiyasiga imtihon topshirishni so‘rashi mumkin. Ota-ona xohishiga ko‘ra imtihonda ishtirok etadi.

Chat